Tibbiyot xabarlari
Shu yilning 8-10-aprel kunlari Samarqandda o‘tkazilayotgan Turkiy davlatlar onkologlarining II Kongressida yurtimiz vakillaridan tashqari Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi va boshqa davlatlardan 300 nafardan ortiq olimlar, soha ekspertlari hamda amaliyotchi mutaxassislar ishtirok etmoqda.
Tadbirning rasmiy ochilish marosimida turli davlatlar sog‘liqni saqlash vazirlari, xalqaro tashkilotlar va yetakchi onkologiya markazlari rahbarlari ishtiroki rejalashtirilgan.
Shundan so‘ng kongress doirasida o‘pka va ko‘krak bezi saratoni, gastrointestinal, ginekologik hamda boshqa onkologik kasalliklar bo‘yicha ilmiy sessiyalar o‘tkaziladi. Muhokamalarda neoad’yuvant va ad’yuvant terapiya, PD-L1 ingibitorlari, individual davolash strategiyalari hamda klinik qaror qabul qilish algoritmlari keng muhokama etiladi.
Kongressning uchinchi kunidagi muloqotlarda ratsional dori-darmonlarni qo‘llash, zamonaviy farmakoterapiya strategiyalari va davolash samaradorligini oshirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Anjuman yakunida xalqaro ekspertlar ishtirokida kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olinishi ko‘zda tutilgan.
***
Dunyoda 10 500 dan ortiq noyob kasalliklar mavjud. Jahonda yetakchi bo‘lgan “Global Genes” tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, hozir sayyoramiz bo‘yicha 10 mingta shunday xastalik mavjud va ularning taxminan 80 foizi genetik xususiyatga ega.
Aksariyat orfan kasalliklarning alomatlari darhol paydo bo‘lmasa-da, bemorni hayoti davomida bezovta qiladi. Bu xastaliklar ko‘pincha bolalikda o‘zini namoyon etadi. Ba’zilari shunchalik kam uchraydiki, dunyo tarixida atigi bir nechta holatlar qayd etilgan, xolos. Masalan, Filds (Fields condition) eng noyob kasallik bo‘lib, hozirga qadar atigi uchta holat ro‘yxatga olingan.
Ikkinchi eng kam uchraydigan xastalik – Ribozo-5-fosfat izomeraza yetishmovchiligi. Yigirma yetti yillik tadqiqot davrida atigi to‘rt nafar bemorga shu tashxis qo‘yilgan.
Aksariyat orfan kasalliklarni aniqlash qiyinligini inobatga olgan holda ko‘p davlatlar, jumladan, O‘zbekistonda ham ularni erta diagnostika qilish uchun neonatal skrining usuli qo‘llaniladi.
***
Nukus shahridagi Bolalar milliy tibbiyot markazining Orolbo‘yi mintaqasi bolalar kasalliklari bo‘yicha tibbiyot klinikasida o‘tkazilgan “Tabassum hadya etamiz” («Darim ulыbku») xalqaro fondi ishtirokidagi xayriya aksiyasida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami orasidan bir necha bosqichda jajji bemorlar saralab olindi. Dastlab Bolalar milliy tibbiyot markazi mutaxassislari tomonidan 2000 nafardan ortiq o‘g‘il-qizlar ko‘rikdan o‘tkazildi va ulardan 270 nafardan ortig‘i tanlab olindi.
Ushbu bolalarning har birida 40 yillik tajribaga ega, jahonning mashhur plastik jarrohi Hasan Baiyev tomonidan tibbiy tekshiruvlar amalga oshirildi. Natijada ular orasidan jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazishga muhtoj kichik yoshli bemorlar saralab olinib, Bolalar milliy tibbiyot markazining Orolbo‘yi mintaqasi bolalar kasalliklari bo‘yicha tibbiyot klinikasiga yotqizildi.
E’tiborlisi, bu o‘g‘il-qizlar orasida Andijon, Qashqadaryo, Samarqand, Buxoro, Navoiy, Xorazm viloyatlaridan kelganlar ham bor.
Kecha, 7-aprel kuni Hasan Baiyev boshchiligida 25 nafar bolada, bugun, 8-aprelda esa yana 22 nafar jajji bemorda operatsiyalar bajarildi.
Muhimi, aksiya doirasida tug‘ma tanglay va lab kemtigi bo‘lgan bolalardagi operatsiyalardan tashqari bir qancha unikal amaliyotlar ham o‘tkazilmoqda. Jumladan, quloq suprasi bo‘lmagan bemor bolalarda bu organ tiklab berildi.
Xayriya aksiyasi doirasida jami 70 nafardan ortiq bemorlarda jarrohlik amaliyotlari bajariladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA