Bolalarga tajovuz: o‘ta og‘ir jinoyatchi mahkumlar endi manzil-koloniyalarga o‘tkazilmaydi (+video)
Qonun loyihasiga sharh
Yurtimizda ayollar va bolalarning huquqlarini ta’minlash, ularni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan ishonchli himoya qilish dolzarb ahamiyatga ega masalalardan biri. Ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar natijadorligini oshirish maqsadida amaldagi qonun hujjatlari takomillashtirilmoqda.
Yaqinda parlament quyi palatasida qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish choralarini kuchaytirishga, shuningdek, ba’zi jinoyatlar tergovining sifatini oshirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ayni maqsadlarga yo‘naltirilgan.
Qonunda nazarda tutilgan normalarni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gulshana Xudoyorova batafsil sharhlab berdi.
— Mamlakatimizda ayollar va bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu yo‘nalishda oxirgi yillarda 30 dan ortiq qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Ayollar va bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish hamda ayrim jinoyatlar tergovi samaradorligini oshirishga qaratilgan qonun loyihasi Prezidentimizning tegishli farmoni hamda Davlat dasturida belgilangan vazifalar asosida ishlab chiqildi. Unda ayollar va bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishga alohida e’tibor qaratilgan.
Bugungi kunda butun dunyoda bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik, axloqqa zid bo‘lgan jinoyatlarning ortib borayotgani ayanchli. Bu kabi jinoyatlarga qarshi mamlakatimizda ham zarur choralar olib borilmoqda.
Qonun bilan birinchidan, jinsiy erkinlikka, yoshlarga va axloqqa qarshi jinoyatlarni tergov qilish vakolati ichki ishlar organlaridan prokuratura organlariga o‘tkazilmoqda.
Aytish kerakki, amaldagi qonunchiligimizga ko‘ra, bolalarga nisbatan jinsiy tajovuzga oid jinoyatlarni profilaktika inspektorlari joyiga borib o‘rganadi. Ammo ayrim hollarda profilaktika inspektorlari tomonidan jinoyat joyiga o‘sha kunning o‘zida emas, balki bir necha kundan so‘ng, hatto 10 kundan keyin borib o‘rganish holatlari bo‘lgan. Aslida bu turdagi jinoyatlar tezkor holda joyiga borib o‘rganilishi lozim. Qolaversa, profilaktika inspektorlarining hammasi ham yuridik ma’lumotga ega emas. Shu ma’noda bu yo‘nalishdagi tergov ishlarining profilaktika inspektorlaridan prokuratura organlariga o‘tkazilishi ushbu jinoyatlarni sifatli va adolatli o‘rganishda muhim ahamiyatga ega.
Ikkinchidan, jinsiy erkinlikka qarshi jinoyat sodir etgan shaxslarning jazoni o‘tash tartibini qat’iylashtirish nazarda tutilmoqda. Amaldagi tartibga ko‘ra, bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik bilan bog‘liq o‘ta og‘ir jinoyatlarda mahkumlar jazo muddatining oxirgi 1-2 yilida manzil-koloniyalarga o‘tkaziladi. Endi esa Jinoyat kodeksining 118 va 119-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etganlik uchun hukm qilingan shaxslar manzil-koloniyalarga o‘tkazilmaydi.
Qonundagi uchinchi muhim yangilik, ekologik masalalar bilan bog‘liq bo‘lib, mehnat muhofazasiga oid javobgarliklar nazarda tutilmoqda.
Loyihada ko‘zda tutilayotgan normalar jinsiy zo‘ravonlik holatlarini fosh etish, bu turdagi jinoyatlarni tergov qilish sifatini oshirishga xizmat qiladi. Bu esa ayollar va bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishda samaradorlikni ta’minlaydi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/38zFvFSbFk8" title="Bolalarga tajovuz: o‘ta og‘ir jinoyatchi mahkumlar endi manzil-koloniyalarga o‘tkazilmaydi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhtarama Komilova, Oybek Davronov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA muxbirlari