Jizzaxda ochiq muloqot: hisobot emas, natija muhim
Mamlakatimizda bozor iqtisodiyoti tamoyillarini mustahkamlash, sog‘lom raqobat muhitini yaratish va iste’molchilar huquqlarini izchil himoya qilish islohotlarning muhim yo‘nalishiga aylandi. Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan ochiq muloqot tizimdagi shaffoflik va jamoatchilik nazoratining amaliy ifodasi bo‘ldi.
Tadbirda boshqarmaning 2025-yildagi faoliyati yakunlari va 2026-yilning birinchi choragida amalga oshirilgan ishlari atroflicha sarhisob qilindi. Ta’kidlash joizki, mazkur muloqot an’anaviy hisobot shaklidan farqli ravishda, jismoniy va yuridik shaxslarning muammolari tinglangan samimiy muloqot maydoniga aylandi.
Keltirilgan raqamlar ortida minglab fuqarolarning taqdiri va tadbirkorlar manfaati mujassam. Xususan, 2025-yil davomida boshqarmaga 2000 dan ortiq murojaat kelib tushgan bo‘lsa, 2026-yilning dastlabki uch oyida bu ko‘rsatkich qariyb 700 tani tashkil etdi. Bu esa aholining tizimga bo‘lgan ishonchi ortib borayotganidan dalolat beradi.
[gallery-28637]
Raqamlar so‘zlaganda:
- O‘tgan yil davomida 48 mingdan ortiq iste’molchining huquqlari tiklanib, ular foydasiga qariyb 10 milliard so‘m mablag‘ qayta hisob-kitob qilindi.
- Joriy yilning birinchi choragida 4500 nafarga yaqin fuqaroning manfaati himoya qilinib, 1,4 milliard so‘m mablag‘ qaytarilishi ta’minlandi.
Shu bilan birga, raqobat muhitini sog‘lomlashtirish yo‘lida 1800 dan ortiq tender savdolari tahlil qilindi. Natijada 1300 dan ziyod jarayonda raqobatga zid holatlar aniqlanib, bozorda halol «o‘yin qoidalari»ni buzgan mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko‘rildi.
Reklama qonunchiligiga rioya etilishi ham boshqarma diqqat markazida bo‘ldi. 3400 dan ortiq reklama ob’ektlari o‘rganilib, aniqlangan 300 ga yaqin kamchiliklar joyida bartaraf etildi.
— Biz uchun eng muhim mezon — inson manfaati, — deydi Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Ilhom Mamatqulov. — Har bir murojaat ortida aniq bir taqdir turibdi. Raqobat bor joyda sifat va tanlov imkoniyati bo‘ladi. Shu bois, biz nafaqat qonunbuzilish holatlarini aniqlash, balki ularning oldini olishga alohida e’tibor qaratyapmiz. Ochiqlik va jamoatchilik bilan muloqot bu yo‘ldagi eng samarali vositadir.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinmi, bozor munosabatlari chuqurlashayotgan bugungi sharoitda raqobatni himoya qilish faqat iqtisodiy tushuncha emas, balki ijtimoiy adolatni ta’minlashning bosh garovidir. Ochiq muloqot yakunlari sohada tizimli yondashuv va shaffoflikni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari