Tibbiyot muassasalari faoliyati o‘rganildi
Mamlakatimizda aholi salomatligini himoya qilish, tibbiy xizmatlar sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Sohadagi dolzarb masalalar deputatlarning ham doimiy e’tiborida bo‘lib keladi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zolari tomonidan Nukus shahridagi Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi shoshilinch tibbiy yordam markazi hamda Abu Ali ibn Sino nomidagi 2-son Nukus jamoat salomatligi texnikumi faoliyati o‘rganildi.
O‘rganishlar davomida deputatlar tibbiy kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimi, ta’lim sifatini oshirish, zamonaviy yondashuvlar asosida o‘quv jarayonlarini kuchaytirish masalalariga e’tibor qaratdi. Shuningdek, pedagoglar va tibbiyot xodimlari uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish borasida taklif-tavsiyalar bildirildi.
O‘rganishlar davomida malakali tibbiy mutaxassislar tayyorlashda nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, moddiy-texnik imkoniyatlarni yanada yaxshilash va ulardan samarali foydalanish masalalariga ham e’tibor qaratildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi shoshilinch tibbiy yordam markazidagi o‘rganishlar chog‘ida aholiga tezkor va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish, tibbiyot xodimlari faoliyati uchun zarur sharoitlarni ta’minlash hamda markazning moddiy-texnik imkoniyatlarini yaxshilash va ulardan samarali foydalanish masalalari ko‘rib chiqildi.
M.Komilova,
O‘zA