Tibbiyot chiqindilari utilizatsiyasi qay holatda?
Tibbiyot chiqindilari atrof-muhitga turli zarar yetkazishi bilan birga, inson salomatligi uchun ham xavf tug‘dirishi mumkin. Shu bois, xalqaro tajribada tibbiyot chiqindilarini utilizatsiya qilish ekologik va sanitariya-epidemiologik barqarorlikni ta’minlashning muhim omillaridan biri hisoblanadi. Bu borada mamlakatimizda ham muayyan ishlar amalga oshirib kelinadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda respublikamizda faoliyat ko‘rsatgan 12 ming 111 ta davolash-profilaktika muassasasida qariyb 228 tonna chiqindi hosil bo‘lgan. Bunday turdagi chiqindilarni utilizatsiya qilish keng qamrovli va har tomonlama puxta o‘ylangan yondashuvni talab etadi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi bilan hamkorlikda tibbiyot chiqindilarini utilizatsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holatini Toshkent shahri va Xorazm viloyati misolida nazorat-tahlil tartibida o‘rganish yakunlariga bag‘ishlangan sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-iyuldagi “Tibbiyot chiqindilaridan muqobil issiqlik energiyasi ishlab chiqarish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori tibbiyot chiqindilarining atrof-muhitga va aholi salomatligiga salbiy ta’sirini kamaytirish, shuningdek, ularni qayta ishlash sohasiga zamonaviy yechim va texnologiyalarni joriy etish, tibbiyot chiqindilarini ekologik toza usullarda zararsizlantirish imkonini bermoqda.
Deputatlar tomonidan Toshkent shahri va Xorazm viloyatida tibbiyot chiqindilarini utilizatsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati nazorat-tahlil tartibida o‘rganildi. Jarayonda ijobiy holatlar bilan bir qatorda, tibbiyot chiqindilarini utilizatsiya qilish bilan bog‘liq ayrim muammolar mavjudligi aniqlandi.

Xususan, barcha turdagi tibbiyot muassasalarida hosil bo‘ladigan tibbiyot chiqindilarini utilizatsiya qilish uchun tegishli tashkilotlarga to‘liq yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzilishi nazarda tutilgan bo‘lsa-da, ayrim tibbiyot muassasalari tomonidan bunday shartnomalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuzilmagan. Bu esa tibbiyot chiqindilarini utilizatsiya qilishni tashkil etish jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, ayrim holatlarda tibbiyot chiqindilarini yig‘ish va tashishda sanitariya norma va qoidalariga to‘liq rioya etilmayotgani kuzatilmoqda.
Muhokamalarda tibbiyot muassasalarida chiqindilarni saralash va saqlash bo‘yicha belgilangan talablarga qat’iy rioya etilishi yuzasidan nazoratni kuchaytirish, tibbiyot chiqindilarini zararsizlantirish masalasiga jiddiy e’tibor qaratish, bu borada belgilangan talablarga jiddiy amal qilish zarurligi ta’kidlandi.
Darhaqiqat, bu yo‘nalishdagi chora-tadbirlar ham tabiat muhofazasini, ham inson salomatligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Muhtarama Komilova, O‘zA