Tamaki mahsulotlarining noqonuniy savdosiga chek qo‘yildi
Tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasi va savdosi yashirin iqtisodiyotning ochiq-oydin ko‘rinishlaridan biri hisoblanadi. Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati taqdim etgan navbatdagi ma’lumotda ana shu masalaga oid navbatdagi tezkor tadbir natijalari ma’lum qilindi.
Ma’lumki, joriy yilning 1-aprelidan boshlab respublikada tamaki mahsulotlari savdosi faqat elektron to‘lov vositalari orqali, ya’ni naqd pulsiz amalga oshirilishi belgilangan. Biroq shunga qaramay, ayrim shaxslar tomonidan katta yo‘llar chetida tamaki mahsulotlarini noqonuniy ravishda sotish holatlari uchrab turibdi.
Bojxona qo‘mitasining Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari Toshkent shahar bojxona boshqarmasi va ichki ishlar organlari vakillari bilan hamkorlikda poytaxtning Shayhontohur tumanida tezkor tadbir o‘tkazdi.

Tadbir davomida serqatnov ko‘chalardan birida tamaki mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanayotgan shaxsga tegishli «Damas» rusumli avtotransport vositasi to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi.
Natijada mazkur transport vositasida qiymati qariyb 34 million so‘mlik 848 quti tamaki mahsulotlari borligi aniqlandi. Tezkor tadbir davomida ushbu shaxsning yashash xonadonlari ham belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi. Ko‘rik jarayonida qiymati qariyb 390 million so‘mlik 9,7 ming donadan ziyod tamaki mahsulotlari qonunga xilof ravishda saqlanayotgani fosh etildi.
Aniqlanishicha, 51 turdagi 5 ming 322 quti tamaki mahsuloti O‘zbekiston Respublikasi aksiz markalari bilan tamg‘alanmagan. Shu tariqa, olib qo‘yilgan jami 10 ming 567 quti tamaki mahsulotlarining umumiy qiymati qariyb 423 million so‘mni tashkil qildi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning dastlabki choragida respublika bojxona organlari tomonidan aniqlangan 240 ta qonunbuzilish holatida qiymati 38 milliard so‘mlik 2,2 million quti sigaretlarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgan.
Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.
Sh.Mamaturopova, O‘zA