Talaba tomonidan yaratilgan innovatsion qurilma: chayon zahri tabiiy usulda olinadi
Tabiatdagi hayvonlar va ularning biologik resurslari inson salomatligi va tibbiyot rivojida muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa, chayonlar o‘zining zahri bilan farmatsevtika sohasida qimmatli manba sifatida tanilgan.
So‘nggi yillarda saraton kasalligi bilan bog‘liq tadqiqotlar chayon zahri tarkibidagi xlorotoksin moddasi rak hujayralarining o‘sishini sekinlashtirish, neyrotoksinlar esa asab tizimi kasalliklarini davolashda qo‘llanilishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, chayonlar ekologik muvozanatni saqlashda ham ahamiyat kasb etadi.
Termiz davlat pedagogika instituti Biologiya fakulteti 1-bosqich talabasi Feruza To‘xtamurodova innovatsion qurilma ishlab chiqdi. Bu qurilma chayon zahrini uni nobud qilmasdan olish imkonini beradi. Avvallari chayon zahri olinishi bilan hayvon nobud bo‘lar edi, endi esa yangi qurilma yordamida bir chayondan bir necha marta zahar olish mumkin.

Qurilma elektrostimulyatsiya usuli asosida ishlaydi va biomodda tanqisligini kamaytirish bilan birga, farmatsevtika sohasida yangi imkoniyatlar yaratadi. Bu innovatsiya nafaqat tabiiy resurslarni tejashga yordam beradi, balki biologik tadqiqotlar va dori-darmon ishlab chiqarishda ham ahamiyatli.
Ma’lumotlarga ko‘ra, chayon zahri xorijda 12 ming dollargacha baholansa, O‘zbekistonda uning narxi o‘rtacha 5 ming dollarni tashkil qiladi. Shu bois, Feruzaning ishlanmasi mamlakatimizda farmatsevtika sanoatini rivojlantirish va tabiiy resurslardan samarali foydalanish imkoniyatini kengaytirishi mumkin.
Ushbu ixtiro talaba innovatsiyasi orqali ilm-fan va tibbiyot sohasida yangi yo‘nalishlarni ochish, shuningdek, ekologik barqarorlikni saqlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA