Manzilli yondashuv – davr talabi (+video)
Xabaringiz bor mana bir necha oydirki, yurtimizda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va jinoyatchilikni jilovlash borasida manzilli yondashuv asosida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetidan Toshkent viloyatining Toshkent tumaniga biriktirilgan Ishchi guruh tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-yanvar kuni qabul qilingan birinchi va ikkinchi sonli qarorlarida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent tumanidagi “Tinchlik” MFYda jinoyat sodir etilishi mumkin bo‘lgan noqonuniy qurilishlar va ovloq joylar hamda Toshkent tumani hududida joylashgan jami 29 ta “Bog‘dorchilik va uzumchilik” shirkat xo‘jaliklarida mavjud bo‘lgan jami 3248 ta dala hovlilar ko‘zdan kechirildi.
Ushbu dala hovlilarning ayrimlari qarovsiz va egasiz bo‘lib jinoyatchilar va qidiruvdagi shaxslarni yashirinishiga sharoitning yuqoriligi bilan ajralib turadi. Tadbir jarayonida mahallaning profilaktika inspektori, Jamoat xavfsizligi universiteti professor-o‘qituvchilari va magistrlari, soliq inspektori va “Toshkenttumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi mutaxassislari qatnashib, salbiy holatlarni bartaraf etish bo‘yicha choralar ko‘rildi.
Shuningdek, Toshkent tumanidagi chegara hududida joylashgan “Gultepa” MFYdagi aholi uchun tor doiradagi tibbiyot mutaxassislari jalb qilingan holda “Sayyor qabul” tashkil etildi. “Sayyor qabul” davomida mahalla ahli mutaxassislar ko‘rigidan o‘tishdi hamda Jamoat xavfsizligi universiteti professor-o‘qituvchilaridan iborat ishchi-guruh vakillari, mahalla oqsoqollaridan o‘zlarini qiziqtirgan savollariga kerakli bo‘lgan maslahatlarni olishdi.
Tumandagi kriminogen vaziyat murakkab mahallarda xavfsiz muhit yaratish bo‘yicha tashkiliy-profilaktik tadbirlar samaradorligini yanada oshirish, ijtimoiy profilaktika tadbirlarini amalga oshiruvchi sub’ektlarning shaxsiy javobgarligini kuchaytirish, tumandagi kriminogen vaziyatini yanada yaxshilash maqsadida ishlar jadal amalga oshirilmoqda.
Xususan, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish hamda jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish maqsadida Toshkent tumanidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “Barkamol avlod — yurt tayanchi” shiori ostida voleybol bo‘yicha “Universitet boshlig‘i kubogi” musobaqasi tashkil etildi.
Turnirda tumandagi maktablardan jami 14 ta jamoa tarkibida 140 nafar yuqori sinf o‘quvchilari ishtirok etdi. Tadbir nafaqat sport mahoratini sinovdan o‘tkazish, balki yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va ularning ijtimoiy faolligini oshirishga xizmat qildi. Shuningdek, musobaqada Jamoat xavfsizligi universiteti voleybol bo‘yicha terma jamoasi tomonidan o‘quvchi-yoshlarga mahorat mashg‘ulotlari tashkil etildi.
Qiziqarli va murosasiz kechgan bahslar yakunida g‘olib va sovrindor bo‘lgan jamoalar Universitet rahbariyati tomonidan maxsus faxriy yorliqlar hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/PM09QvhRUL8" title="Manzilli yondashuv – davr talabi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhayyo Turdaliyeva, Nishonboy Abduvoitov, O‘zA