Tabiiy gaz va elektr energiyasi bo‘yicha yangi tariflar 1 apreldan emas, 1 maydan kuchga kiradi
Bugun AOKAda o‘tkazilgan brifingda aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini yoqilg‘i-energetika resurslari bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan ma’lumot berildi.
Tadbirda energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Mamatkarimov sohada erishilgan natijalar va rejalarga to‘xtalib o‘tdi:
–Energetika sohasida 2024 yilda umumiy quvvati 2 787,9 megavattga teng bo‘lgan elektr stansiyalari ishga tushirildi. Shundan quyosh fotoelektr stansiyalari quvvati 1 000 megavattni, shamol elektr stansiyalari quvvati 800 megavattni, issiqlik elektr stansiyalari quvvati 965,2 megavattni hamda gidroelektr stansiyalari quvvati 22,7 megavattni tashkil etdi.
2024 yilda yurtimizdagi quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan 4 milliard 860,5 million kilovatt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Mazkur hajmdagi elektr energiyasi 2 milliondan ziyod xonadonning bir yillik ijtimoiy normasini tashkil qiladi. Buning natijasida 1 milliard 470 million metr kub tabiiy gaz tejalishiga erishildi, atmosferaga 2 million 40 ming tonna zararli gazlar chiqishining oldi olindi.
“Quyoshli xonadon” dasturi orqali 2024 yilda xonadoniga quyosh paneli o‘rnatgan jami 10 ming 826 nafar fuqaroga davlatga sotgan 12 million 182 ming kilovatt⋅soat elektr energiyasi uchun 12 milliard 182 million so‘m to‘lab berildi. Ya’ni, ushbu mablag‘lar Davlat soliq qo‘mitasining “Soliq” mobil ilovasi orqali yuqoridagi fuqarolarning bank plastik kartalariga o‘tkazib berilgan.
2024 yilda respublikamizda 81,5 milliard kilovatt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. O‘tgan yilda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 2016 yildagiga nisbatan 22,5 milliard kilovatt⋅soat yoki 38 foiz ko‘pni tashkil etdi. Shundan iste’molchilarga 67,5 milliard kilovatt⋅soat elektr energiyasi yetkazib berildi. Bu esa 2016 yildagiga nisbatan 21,8 milliard kilovatt⋅soat yoki 48 foiz ko‘p elektr energiyasi yetkazib berilganini ko‘rsatadi.
Ushbu ishlar 2025 yilda ham izchil davom ettiriladi. Xususan, jami quvvati 4,5 gigavattga teng bo‘lgan yirik quvvatli quyosh va shamol elektr stansiyalarini ishga tushirish, quvvati 785 megavatt bo‘lgan quyosh panellarini o‘rnatish, quvvati 225 megavatt bo‘lgan gidroelektr stansiyalarini barpo etish va 1 782 megavatt⋅soat elektr energiyasini saqlash tizimlarini ishga tushirish rejalashtirilgan.
Yuqorida ta’kidlanganidek, yurtimizda ishlab chiqarish hajmlari keskin oshirib boriladi. Biroq ushbu resurslar hajmini qanchalik oshirmaylik, ulardan samarali va tejamkorlik bilan foydalanmasak, ta’minot barqarorligiga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Shu bois, energiya resurslaridan samarali foydalanish dolzarb masala hisoblanib, bu borada tizimli ishlar amalga oshiriladi. Energiya resurslarining eng ko‘p sarfi, avvalo, iqtisodiyot tarmoqlariga to‘g‘ri keladi. Eski davrlarda qurilgan zavodlar ekologiya va energiya samaradorlik talablariga javob bermagan. Yillar davomida modernizatsiyaga yetarli e’tibor qaratilmagan. Ba’zi joylarda elektr va gaz kunlab bo‘lmagan. Sanoat korxonalarida iste’mol hamda yo‘qotishlar ko‘p bo‘lgan.
Shu sababli, so‘nggi yillarda iqtisodiyot sohalari energiya samaradorlik jihatidan yangilanmoqda. Yirik korxonalar va energetika tarmoqlari kesimida alohida dastur amalga oshirilmoqda. 2030 yilga borib, mamlakatimiz aholisi 41 million nafarga yetishi, iqtisodiyot 2 karra o‘sishi kutilyapti. Bu energiya resurslariga bo‘lgan talabni hozirgidan 1,5 karra oshiradi. Shuning uchun yangi loyihalarni ishga tushirib, quvvatni ko‘paytirish bilan birga, energiyani tejash choralarini ham hozirdan ko‘rib borish zarur. Buning uchun yangi loyiha qilib, ishlab chiqarishni ko‘paytirishni o‘zi bilan cheklanib qolmasdan, energiya tejamkorlik va samaradorlik masalasida juda qattiq ishlash kerak. 2025 yilda 4,4 milliard metr kub gaz va 6 milliard kilovatt·soat elektrni iqtisod qilish bo‘yicha reja olinyapti.
Prezidentimiz ko‘rsatmasiga muvofiq, o‘tgan yilgi tajribani davom ettirib, joylarda energiyani tejash imkoniyatlari olimlar ishtirokida ilmiy asosda o‘rganilmoqda. Xususan, Samarqand, Sirdaryo va Jizzaxdagi o‘rganishlarda 870 million kilovatt·soat elektr energiyasi va 420 million kub metr gazni iqtisod qilishning yangi imkoniyatlari aniqlandi. Masalan, viloyatlardagi kichik va o‘rta sanoat korxonalarida 35 mingga yaqin eskirgan uskunalarni tejamkoriga almashtirib, yiliga 385 million kilovatt·soat elektr energiyasi va 50 million kub metr gazni tejash mumkin. Qolaversa, tuman va mahallalarda energiyani iqtisod qilish bo‘yicha mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanish bo‘yicha rejalar ishlab chiqilgan. Xususan, 300 ta mahallada 100 megavattli kichik quyosh stansiyalari barpo qilib, shu yilning o‘zida 45 million metr kub gaz tejasa bo‘ladi.
Bundan tashqari, kanal va soylarda quriladigan mingdan ziyod mikro GESlar hisobiga qo‘shimcha 175 million kilovatt·soat elektr ishlab chiqarish va 40 million kub metr tabiiy gazni tejash maqsad qilingan. Ko‘chalarni yoritishga ham quyosh panelli chiroqlarni o‘rnatish orqali yiliga 100 million kilovatt·soat elektr energiyasini sarflash hamda iste’molni 2 karra kamaytirish rejalashtirilgan. Shu kabi imkoniyatlar hisobidan bu yil 1,1 milliard metr kub tabiiy gaz va 2,6 milliard kilovatt·soat elektr energiyasini iqtisod qilish ko‘zda tutilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub’ektlarini yoqilg‘i-energetika resurslari bilan ishonchli tarzda ta’minlash, shuningdek, aholi hamda tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasiga elektr energiyasi va gaz bo‘yicha yangi tariflarning kuchga kirish muddatini kechiktirish topshirig‘ini berdilar. Yangi tariflar avval rejalashtirilgani kabi 1 apreldan emas, 1 maydan kuchga kiradi. 2024 yil 16 apreldagi Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga buni nazarda tutuvchi o‘zgartirish kiritiladi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA