“Tabassum hadya etamiz” xayriya aksiyasi
Joriy yilning 5-12-aprel kunlari Nukus shahridagi Bolalar milliy tibbiyot markazining Orolbo‘yi mintaqasi bolalar kasalliklari bo‘yicha tibbiyot klinikasida “Tabassum hadya etamiz” (“Darim ulыbku”) xalqaro xayriya jamg‘armasi ishtirokida xayriya aksiyasi o‘tkazilmoqda.
Tadbir doirasida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami orasidan bir necha bosqichda jajji bemorlar saralab olindi. Dastlab Bolalar milliy tibbiyot markazi mutaxassislari tomonidan 2 ming nafardan ortiq bolajon ko‘rikdan o‘tkazildi va ulardan 270 nafardan ortig‘i tanlab olindi.

Mazkur xalqaro xayriya jamg‘armasi va Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tashkil etilgan aksiya doirasida rossiyalik va amerikalik mashhur plastik jarroh Hasan Baiyev tomonidan tibbiy tekshiruvlar amalga oshirildi. Natijada ular orasidan jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazishga muhtoj kichik yoshli bemorlar saralab olinib, Bolalar milliy tibbiyot markazining Orolbo‘yi mintaqasi bolalar kasalliklari bo‘yicha tibbiyot klinikasiga yotqizildi.

Aksiya doirasida jami 70 nafardan ortiq bemorda jarrohlik amaliyoti бажарилади. Muhimi, aksiya doirasida tug‘ma tanglay va lab kemtigi bo‘lgan bolalardagi jarrohlik amaliyotidan tashqari bir qancha amaliyotlar ham o‘tkazilmoqda. Jumladan, quloq suprasi bo‘lmagan bemor bolalarda bu organ tiklab berildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA