Superliga: “Navbahor”ni Toshkentda jiddiy sinov kutmoqda
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasida bugun, 17-aprel kuni 8-tur start oladi va 19-aprelga qadar davom etadi. Turning ilk kunidan 3 ta uchrashuv o‘rin olgan.
Bugungi uchrashuvlarni soat 18:00 da “Lokomotiv” — “Navbahor” klublari o‘rtasidagi to‘qnashuv boshlab bersa, oradan bir soat o‘tib, OKMK — “Buxoro” jamoalari raqobatlashadi. Kunning so‘nggi uchrashuvi soat 20:15 da boshlanadigan “Surxon” — “Qizilqum” bahsi bo‘ladi.

Ma’lumot uchun, “Lokomotiv” — “Navbahor” jamoalari bugunga qadar milliy chempionatimizda jami 40 ta o‘yin o‘tkazgan. Ularning 20 tasida namanganliklar g‘alaba qozongan bo‘lsa, 15 ta o‘yinda poytaxt klubi zafar quchgan. Qolgan 5 ta bahs durang bilan yakunlangan. To‘plar nisbati 58:53, “Navbahor” foydasiga.

Ayni damda “Navbahor” 15 ochko bilan Superliga jadvalida kuchli uchlikni yakunlab turgan bo‘lsa, “Lokomotiv” 11 ochko jamg‘argan holda 7-o‘rinni egallagan.

Eslatib o‘tamiz, Liganing 8-turida ertaga, 18-aprel kuni “Neftchi” — “Nasaf”, “Mash’al” — “Xorazm”, “Paxtakor” — “Dinamo” uchrashuviga guvoh bo‘lamiz. 19-aprelda “So‘g‘diyona” — “Bunyodkor” va “Qo‘qon-1912” — “Andijon” klublari bellashadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA