Sun’iy intellekt – zamonaviy ta’lim tayanchi
Toshkent viloyatida xorijiy tillarni o‘qitish sifatini yanada oshirish, pedagoglarning kasbiy salohiyatini rivojlantirish hamda ta’lim jarayoniga zamonaviy innovatsion yondashuvlarni keng joriy etish maqsadida “Future of ELT Classrooms with Artificial Intelligence” mavzusida seminar tashkil etildi.
Mazkur tadbirda ingliz tili fani o‘qituvchilari ishtirok etdi. Ta’lim sohasida xalqaro tajribaga ega xorijlik mutaxassis Geyethika Gopinath ishtirok etib, zamonaviy ingliz tili ta’limida sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarning o‘rni haqida atroflicha ma’lumot berdi.

Seminar davomida ishtirokchilar amaliy mashg‘ulotlarga jalb qilinib, juftlik va jamoaviy usullarda ish olib borildi. Geyethika Gopinath o‘qituvchilarga dars jarayonlarida sun’iy intellekt texnologiyalari va interaktiv platformalardan samarali foydalanish usullarini amaliy ko‘rinishda namoyish qildi.
Ayniqsa, “Gamification with AI”, “Digital Storytelling”, “Quizlet” hamda “Task-Based Language Teaching (TBLT)” kabi zamonaviy metodlar asosida tashkil etilgan mashg‘ulotlar qatnashchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ushbu metodlar orqali o‘quvchilarning til o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini oshirish, dars jarayonini interaktiv tashkil etish va o‘quvchilarning mustaqil fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi.

Shuningdek, seminarda dars vaqtidan unumli foydalanish, o‘quvchilar diqqatini jalb etish, tana harakatlari va mimikalar orqali samarali muloqot o‘rnatish kabi pedagogik mahoratga oid jihatlar ham atroflicha yoritildi. Xorijlik mutaxassis mahalliy o‘qituvchilar bilan muloqot qilishning zamonaviy usullari, sinfda ijobiy muhit yaratish hamda yuqori sinf o‘quvchilariga gapirish ko‘nikmalarini – suhbat, dialog va monologlarni o‘rgatish bo‘yicha uslubiy tavsiyalarini berdi.

Seminar ishtirokchilari mazkur tadbir o‘zlari uchun katta tajriba maktabi bo‘lganini, ayniqsa, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan ta’lim jarayonida samarali foydalanish bo‘yicha yangi bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lganliklarini ta’kidladi. Bu kabi xalqaro tajriba almashinuviga qaratilgan amaliy seminarlar ta’lim tizimida innovatsion yondashuvlarni keng joriy etish, pedagoglarning kasbiy mahoratini oshirish hamda o‘quvchilarga sifatli ta’lim berishda muhim ahamiyat kasb etadi.
A.Musayev, O‘zA