Oila – jamiyatning eng muhim tayanchi
“Adolat” SDP Navoiy viloyat Kengashi tomonidan “Oilalar mustahkamligini kafolatlaylik” aksiyasi doirasida targ‘ibot tadbirlari, ochiq muloqotlar va davra suhbatlari tashkil etilmoqda.
Navoiy innovatsiyalar universitetida o‘tkazilgan tadbirda oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish, erta nikoh hamda tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Tadbirda universitet rektori Jo‘rabek Mavlonov, “Adolat” SDP Navoiy viloyat Kengashi raisi Mansurjon Xamidov, viloyat IIB mas’ul xodimi Shokir Hazratkulov, Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Navoiy viloyat hududiy markazi direktori Nargiza Ermamatova va boshqalar mamlakatimizda oila institutini mustahkamlash, ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritib, tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olishga qaratilgan yangi tashabbuslar jamiyat barqarorligi uchun muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
Albatta, mahallalardagi nizoli va notinch oilalarni aniqlash, ayollar va bolalar xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarlikka moyil shaxslar bilan profilaktik ishlar olib borish orqali oilalarda sog‘lom ijtimoiy-ma’naviy muhitni shakllantirish mumkin.

Seminar davomida qizlarning ta’lim olishi, kasb egallashi va mustaqil hayotga puxta tayyorgarlik ko‘rishi muhim ekanligi, shuningdek, 21 yoshdan keyin oila qurishning ahamiyati, erta nikoh hamda xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning salbiy oqibatlari haqida tushunchalar berildi.
Tadbirda bugungi kunda yoshlarning onlayn qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarga berilishi ayrim oilalarda jiddiy muammolarni keltirib chiqarayotgani ham afsus bilan qayd etildi.

Tadbir yakunida oila muqaddasligini asrash, sog‘lom va barqaror oilalarni shakllantirish har bir fuqaroning muhim burchi ekani alohida e’tirof etilib, aksiyada faol ishtirok etishga chaqirildi.
A. Bo‘riyev, O‘zA