“Eng yaxshi ratsionalizatorlik taklifi” tanlovi g‘oliblari taqdirlandi
Navoiy shahridagi “Farhod” madaniyat saroyida Navoiy kon-metallurgiya kombinati yosh ishchi-xodimlari o‘rtasida 2025-yilda o‘tkazilgan “Eng yaxshi ratsionalizatorlik taklifi” tanlovi g‘oliblarini taqdirlash tadbiri o‘tkazildi.
Unda kombinatda ishlab chiqarish jarayoniga ilmiy ishlanmalar, innovatsion g‘oya va ratsionalizatorlik takliflarini joriy etishga katta e’tibor berilayotgani alohida ta’kidlandi.
“Eng yaxshi ratsionalizatorlik taklifi” tanlovi komissiyasiga 281 nafar ishtirokchidan 257 ta ratsionalizatorlik taklifi kelib tushgan bo‘lib, 9 ta yo‘nalish bo‘yicha eng munosiblar g‘olib, deb topildi.
Ular orasidan geologiya, konchilik ishi, oltin ajratib olish texnologiyasi, mexanika, energetika, transport, ishlab chiqarishni avtomatlashtirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, xavfsizlik texnikasi, atrof-muhitni muhofaza qilish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha eng munosib takliflar g‘olib deb topildi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, o‘nta yo‘nalish bo‘yicha 24 nafar ishtirokchi faxrli 1-o‘ringa, 45 nafari 2- va 3-o‘rinlarga loyiq ko‘rildi.
– Ushbu tanlovda g‘oliblar safidan joy olganim men uchun katta sharaf va unutilmas voqea bo‘ldi, – deydi Janubiy kon boshqarmasi Konchilik bo‘limi yetakchi muhandisi Suhrobjon Rahmonov. – Eng muhimi, kombinatimizda yoshlar va izlanuvchan mutaxassislarning g‘oyalari doimiy qo‘llab-quvvatlanayotgani bizga ishonch va motivatsiya bermoqda. Hamkasbim Suhrob Rahimov bilan hammualliflikda taqdim etgan ratsionalizatorlik taklifimiz yer osti kon ishlarida mehnat qilayotgan ishchilar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan. Bu taklif orqali inson hayoti va xavfsizligini ta’minlashga oz bo‘lsada hissa qo‘sha olganimizdan xursandman.
Tanlov g‘olib va sovrindorlari diplom va pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
A.Bo‘riyev, O‘zA