Sun’iy intellekt orqali boshqaruv samaradorligi oshiriladi
Xitoy Xalq Respublikasining Nuanchan shahrida "Rivojlanayotgan mamlakatlarda sun’iy intellekt va davlat boshqaruvini modernizatsiyalash" mavzusidagi xalqaro seminar bo‘lib o‘tmoqda.
Unda o‘zbekistonlik mutaxassislar va turli mamlakatlarning davlat organlari vakillari ishtirok etib, sun’iy intellekt texnologiyalarini davlat va ijtimoiy boshqaruvga joriy etish, davlat xizmatlarini raqamlashtirish hamda boshqaruv samaradorligini oshirish bo‘yicha Xitoy tajribasini o‘rganmoqda.
Tadbir kun tartibidan sun’iy intellekt (SI)ning asosiy tushunchalari va zamonaviy texnologiyalari, ularni davlat boshqaruvida qo‘llash mexanizmlari, ijtimoiy boshqaruvda SI yechimlaridan foydalanish, davlat xizmatlarini optimallashtirish, SI loyihalarini ishlab chiqish va boshqarish, ma’lumotlarni boshqarish, sun’iy intellekt etikasi hamda Xitoyning SI sohasidagi strategiyasi kabi dolzarb masalalar o‘rin olgan.

Dastur ma’ruzalar, amaliy mashg‘ulotlar, keys-tahlillar, ochiq muhokamalar va tajriba almashish shakllarida tashkil etilmoqda. Bu esa ishtirokchilarga nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, davlat boshqaruvida sun’iy intellektdan foydalanishning samarali yondashuvlari bilan bevosita tanishish imkonini bermoqda.
Dastur doirasida ishtirokchilar Shenchjen, Guanchjou va Szyutszyan shaharlaridagi tegishli davlat tashkilotlari va korxonalar faoliyati bilan tanishadi. Sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni amaliyotga joriy etish tajribasini o‘rganadi.

Seminarning amaliy ahamiyati shundaki, ishtirokchilar sun’iy intellektni davlat boshqaruvi, davlat xizmatlari va ijtimoiy boshqaruv jarayonlariga joriy etish bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganib, uni milliy sharoitga moslashtirishga xizmat qiladigan yangi yondashuv va amaliy yechimlarga ega bo‘ladi.
Bu kabi xalqaro dasturlar raqamli transformatsiya jarayonlarini chuqurlashtirish, boshqaruv qarorlarining sifatini oshirish va zamonaviy texnologiyalar asosida boshqaruvning yangi modellarini shakllantirish uchun muhim tajriba maydoni bo‘lib xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
O‘zA