"Aqlli hudud" – tezkor qarorlar maydoni
Bugun hudud taraqqiyotini raqamli ma’lumotlarsiz tasavvur qilish qiyin. Chunki aniq raqam ortida muayyan holat, muammo va uning yechimi mujassam. Jizzax viloyatida tashkil etilayotgan “Aqlli hudud” vaziyatlar markazlari ana shu imkoniyatni boshqaruv jarayoniga chuqur tatbiq etishga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Prezidentimizning 2026-yil 8-iyuldagi “«Raqamli hukumat» tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida viloyat hududlarida “Aqlli hudud” vaziyatlar markazlarini tashkil etish ishlari boshlandi. Maqsad – hududda kechayotgan jarayonlarni zamonaviy texnologiyalar asosida kuzatish, mavjud muammolarni raqamli ma’lumotlar orqali tezkor aniqlash va ularning yechimiga qaratilgan boshqaruv qarorlarini samarali tashkil etish.


Viloyat hokimi Ulug‘bek Mustafoyev Jizzax shahar hokimligida tashkil etilgan “Aqlli hudud” vaziyatlar markazida bo‘lib, uning texnik imkoniyatlari va ishlash tamoyillari bilan tanishdi. Shu yerda viloyatning barcha shahar va tumanlari rahbarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, raqamli tahlil asosida boshqaruvni takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Yig‘ilishda hududlardagi mavjud muammolarni raqamli ma’lumotlar asosida tezkor aniqlash, ularni tahlil qilish va natijador boshqaruv qarorlarini qabul qilishga alohida e’tibor qaratildi. Viloyat rahbari mutasaddilarga raqamli ma’lumotlardan samarali foydalanish, aniqlangan muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish, har bir yo‘nalish bo‘yicha mas’ul rahbarlarning shaxsiy javobgarligini oshirish hamda ijroni nazorat qilish tizimini kuchaytirish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berdi.


2026-yil 15-sentabr holatiga ko‘ra, viloyatning barcha shahar va tumanlarida “Aqlli hudud” vaziyatlar markazlari uchun ajratilgan xonalarda ta’mirlash ishlari yakunlangan. Jizzax shahrida 60 kvadrat metr maydonga ega vaziyatlar markazi to‘liq foydalanishga tayyorlandi.
Markazning texnik imkoniyatlari esa raqamli boshqaruvning qamrovini yaqqol ko‘rsatadi. UZINFOCOM tizimi orqali 30 ta vazirlik va idoraning 80 dan ortiq ma’lumotlar bazasiga integratsiya qilingan markaz axborot xavfsizligini ta’minlash maqsadida FortiGatye kiberxavfsizlik qurilmasi bilan jihozlandi.

Tumanlarda ham markazlar uchun ajratilgan xonalarda ta’mirlash ishlari yakunlanib, zarur texnik jihozlarni o‘rnatish, yagona tizimga ulanish va axborot xavfsizligini kuchaytirish ishlari davom etmoqda.
Yangi tizim iqtisodiyot, kommunal xizmatlar, qurilish, ekologiya, ijtimoiy soha va aholi murojaatlari kabi muhim yo‘nalishlardagi holatni yagona tizim asosida doimiy monitoring qilish imkonini beradi. Ayniqsa, mahallalar bo‘yicha infratuzilma va ijtimoiy muammolarni raqamli ko‘rsatkichlar asosida tezkor aniqlash, vaziyatni tahlil qilish va mas’ullarga aniq vazifalar belgilash imkoniyati boshqaruvdagi tezkorlikni oshiradi.

Eng muhimi, “Aqlli hudud” faqat ma’lumotlarni bir joyga to‘playdigan raqamli platforma emas. U mavjud vaziyatni chuqur tahlil qilish, muammoni oldindan ko‘rish, mas’ullarga aniq vazifa belgilash va ijroni nazorat qilishga xizmat qiladigan zamonaviy boshqaruv mexanizmi sifatida shakllanmoqda. Raqam imkoniyati amaldagi boshqaruv bilan uyg‘unlashgandagina hudud hayotida sezilarli natija beradi. Jizzaxdagi “Aqlli hudud” markazlari esa ana shu tamoyilning amaliy ifodasi bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri