O‘zbek startaplari uchun Koreyada qanday imkoniyatlar bor?
Seul shahrida Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Jamol Maxsudov, "IT Park Uzbekistan" ijrochi direktori Jahongir Rajabov hamda Koreya Startaplar va tadbirkorlikni rivojlantirish instituti (KISED) prezidenti Yu Jon Pil o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda startap ekotizimlarini rivojlantirish, texnologik kompaniyalarni xalqaro bozorlarga olib chiqish hamda O‘zbekiston va Koreya tadbirkorlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
“KISED” — Koreya Respublikasi Kichik va o‘rta biznes hamda startaplar vazirligi huzuridagi davlat instituti bo‘lib, tadbirkorlik va texnologik startaplarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan milliy dasturlarni amalga oshiradi.
Uchrashuvda Koreya bozoriga chiqishga qiziqish bildirayotgan O‘zbekiston kompaniyalari hamda O‘zbekiston va Markaziy Osiyo bozorlarini o‘rganayotgan koreys startaplari uchun qo‘shma startap almashinuvi va “yumshoq kirish” dasturini yo‘lga qo‘yish imkoniyati ham muhokama qilindi.

Mazkur dastur doirasida bozorga chiqish bo‘yicha maslahatlar, mentorlik yordami, mahalliy hamkorlarni izlash hamda biznes va biznes uchrashuvlarini tashkil etish nazarda tutilishi mumkin.
Shuningdek, “IT Park Uzbekistan”ning istiqbolli startaplarini “KISED” tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan xalqaro dasturlarga jalb qilish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar 2027-yilda ikki mamlakat startaplari, investorlari, akseleratorlari va korporativ hamkorlari ishtirokida O‘zbekiston — Koreya startaplar forumini o‘tkazish istiqbolini ham muhokama qildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston va Koreyaga o‘zaro biznes-missiyalarni tashkil etish, ular doirasida biznes va biznes uchrashuvlari, investitsiya sessiyalari, texnologik kompaniyalarga tashriflar hamda yangi bozorlarga chiqishga qaratilgan tadbirlarni o‘tkazish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Muloqotning yana bir muhim yo‘nalishi startap ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha tajriba almashish bo‘ldi. “IT Park Uzbekistan” va Raqamli texnologiyalar vazirligi xodimlari uchun Koreyaning startaplarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, texnologiyalarni tijoratlashtirish, korporativ ochiq innovatsiya modellari va innovatsion infratuzilmani rivojlantirishga bag‘ishlangan seminar hamda ta’lim dasturlarini tashkil etish masalasi muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida ikki mamlakat startaplarining yangi bozorlar, investitsiyalar va xalqaro hamkorlikka chiqish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan amaliy hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi.
Nigora Rahmonova, O‘zA