Sud xodimlari diktant yozdi
Namanganda viloyat sudi tomonidan o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 35 yilligi hamda 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan ommaviy diktant yozish tadbiri o‘tkazildi.
Namangan yuridik texnikumida bo‘lib o‘tgan diktant yozish jarayonlarida viloyat sudi va viloyat ma’muriy sudining sud apparati xodimlari, sudya yordamchilari qatnashdi. “Til – millat ko‘zgusi” mavzusida yozilgan diktant ishida o‘zbek tilining davlat va jamiyat hayotida tutgan o‘rni, ahamiyati ochib berildi.

– Har bir millat boshqalardan o‘zining ona tili va urf-odatlari bilan farq qiladi. Milliy tilning yo‘q bo‘lishi millatning yo‘q bo‘lishi demakdir. Shu sababli, mamlakatimizda o‘zbek tilining nufuzini ko‘tarish masalasiga alohida ahamiyat berilmoqda. Bundan o‘ttiz besh yil avval milliy o‘zlikni anglashning amaliy ifodasi sifatida o‘zbek tili – davlat tili maqomini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, mana besh yildirki ona tilimiz alohida bayram kuni sifatida keng nishonlanib kelinmoqda. Tanlov davomida yozgan diktantimda ona tilimizning mohiyati, ahamiyati haqida tushunchalarimni bayon qildim. Shuni angladimki, o‘zbek tilini e’zozlashni eng, avvalo, o‘zimizdan va oilamizdan boshlamog‘imiz zarur. Zero, hazrat Navoiy bobomiz aytganlaridek, tilga e’tibor – elga e’tibor, – deydi Namangan viloyati sudining sudya katta yordamchisi Islomjon To‘rayev.


Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.