“Sud jurnalistikasi”da talabalar sohani yoritishning etik va huquqiy me’yorlarini o‘rgandi
Odil sudlov akademiyasi va Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamkorligida bo‘lajak jurnalistlarda sud-huquq tizimi faoliyatini chuqur anglash, sud jarayonlarini xolis va professional yoritish ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida “Sud jurnalistikasi” o‘quv kursi tashkil etildi.
Tadbirda sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, sud tizimining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, jamoatchilik bilan samarali muloqotni kuchaytirishda ommaviy axborot vositalarining o‘rni beqiyos ekani ta’kidlandi.
Sud jarayonlarini xolis va professional yoritish, jurnalistlarning huquqiy savodxonligini oshirish hamda sohaga ixtisoslashgan kadrlarni tayyorlashning dolzarbligiga alohida e’tibor qaratildi.
[gallery-28594]
Mazkur o‘quv kursida jami 42 nafar talaba sud-huquq tizimi faoliyatini chuqur o‘rganish bilan birga, sud jarayonlarini professional darajada yoritish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ldi.
Ishtirokchilarga sud tizimining huquqiy asoslari, sud jarayonlarini yoritishning etik va huquqiy me’yorlari, shuningdek axborotni aniq va mas’uliyat bilan yetkazish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar berildi.
Ushbu loyiha nafaqat ta’limiy tashabbus, balki sud tizimi va ommaviy axborot vositalari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlashga qaratilgan muhim qadamdir. Zero, adolatli va ochiq sud tizimi hamda mas’uliyatli jurnalistika uyg‘unligi fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning muhim omillaridan biri.
Tinglovchilar nazariy bilimlar bilan bir qatorda amaliy mashg‘ulotlarda ham qatnashib, soha mutaxassislaridan bevosita saboq olish imkoniga ega bo‘ladi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat),
O‘zA