Sud faxriysi xonadoniga tashrif buyurishdi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi Gulnafis Xudayberdiyeva hamda Jizzax viloyati sudi sudyasi Luiza Xalitova “Mehnat shuhrati” ordeni sohibasi, 96 bahorni qarshi olgan sud faxriysi Umsun Astanovaning xonadonlariga tashrif buyurishdi.
Umsun Astanova 26 yil davomida Jizzax viloyatining Forish tumanida odil sudlov tizimida xizmat qilib, nafaqat qonunni, balki inson taqdirini ham adolat mezonida o‘lchay olgan shaxs sifatida el-yurt hurmatiga sazovor bo‘ldi.
[gallery-28590]
Suhbat davomida u O‘zbekiston Ayol sudyalari assotsiatsiyasi tashkil etilganini katta quvonch bilan tilga olar ekan, yuragining eng nozik torlarini chertgan orzusini ham oshkor qildi: “Qaniydi, yana yoshroq bo‘lganimda, yurtimga yanada ko‘proq foyda keltirardim...”
Bu so‘zlarda afsus emas, balki cheksiz sadoqat, so‘nmas mehr va xizmat qilishga bo‘lgan beqiyos ishtiyoq mujassam edi.
Xalqaro ayol sudyalar kuniga bag‘ishlangan tadbir doirasida unga davlatimizning yuksak mukofoti — “Mehnat shuhrati” ordeni topshirilgani esa uning halol mehnati davlatimiz tomonidan munosib qadrlanganidan dalolatdir.
Uchrashuv yakunida Umsun Astanova barcha sudyalar va tizim xodimlariga o‘zining samimiy tilaklarini bildirdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari