Strategik rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi
Buxoro viloyatining strategik rivojlanishi, belgilangan maqsad va ko‘rsatkichlar ijrosini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda Buxoro viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Jamshid Sharopov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi direktori o‘rinbosari Tohirjon Safarov hamda tegishli tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish, mavjud imkoniyatlarni ishga solish va hududni uzoq muddatli istiqbolda rivojlantirishga qaratilgan strategik vazifalar muhokama qilindi.
Shuningdek, "O‘zbekiston — 2030" strategiyasida belgilangan maqsad va vazifalarni Buxoro viloyatida samarali amalga oshirish, belgilangan ko‘rsatkichlarning bajarilishini muntazam tahlil qilish hamda yuzaga kelayotgan muammolarni o‘z vaqtida aniqlash masalalariga e’tibor qaratildi.


Mutasaddilar hududni rivojlantirishga qaratilgan strategik hujjatlarni ishlab chiqishda viloyatning o‘ziga xos jihatlari, mavjud resurslari va rivojlanish imkoniyatlarini hisobga olish zarurligini ta’kidladi. Belgilangan vazifalar ijrosini tizimli tashkil etish va natijalarni doimiy monitoring qilish bo‘yicha ham fikr almashildi.
Tadbir davomida Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi tomonidan ishlab chiqilgan "Geoportal" tizimining imkoniyatlari ham namoyish etildi. Mazkur raqamli platforma hududdagi ijtimoiy va kommunal ob’ektlar, infratuzilma, mavjud resurslar hamda ular haqidagi ma’lumotlarni yagona tizimda jamlash imkonini beradi.
"Geoportal"dan foydalanish orqali hududdagi ob’ektlar va infratuzilmaning holatini tahlil qilish, mavjud muammolarni aniqlash, rivojlanish jarayonlarini monitoring qilish va istiqboldagi loyihalarni rejalashtirish imkoniyatlari kengayadi.
Uchrashuv yakunida muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli vazifalar belgilandi. "O‘zbekiston — 2030" strategiyasi doirasidagi ko‘rsatkichlarga erishish, strategik hujjatlar ijrosini ta’minlash va amalga oshirilayotgan ishlarni muntazam monitoring qilish bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.
Hamroz Bayonov, O‘zA