Ishlab chiqaruvchidan bemorgacha: dori xavfsizligiga kim javob beradi?
Butunjahon farmatsevtlar kuni munosabati bilan dori sotuvga chiqqunga qadar qanday jarayonlardan o‘tishi, dorixona qanday tekshiruvlarni o‘tkazishi va bu ishda raqamli markirovka qanday yordam berishini tahlil qilamiz.
Dorixonada biz dorining bor-yo‘qligi, dozasi va narxi haqida so‘raymiz, uni qanday qabul qilishni aniqlashtiramiz, yaroqlilik muddatiga qaraymiz. Farmatsevt kerakli qadoqni topib, uni xaridorga uzatadi. Ammo bu paytgacha qilingan ishlar odatda bizning e’tiborimizdan chetda qoladi.
Dori qayerda ishlab chiqarilgan? U dorixonaga qaysi yetkazib beruvchilar orqali kelib tushgan? Yo‘lda va omborda qanday saqlangan? Ushbu savollarning har biri ortida mutaxassislar, hujjatlar va tartib-qoidalar turadi, dori vositasining bemorga yetib borish yo‘lidagi saqlanishi va sifati shularga bog‘liq.
25-sentyabr — Butunjahon farmatsevtlar kunida ushbu ish haqida hamda dorixona xodimlarining kasbiy bilim va ko‘nikmalari raqamli tekshirish vositalari bilan qanday to‘ldirilayotgani haqida ko‘proq ma’lumot olish uchun ajoyib imkoniyatdir.
Birinchi bosqich: ishlab chiqarish
Qadoqning yo‘nalishi korxonadan boshlanadi. Xomashyo sifati, texnologiyaga rioya qilinishi, tayyor mahsulot nazorati — bularning barchasi ishlab chiqarishdan qanday preparat chiqishini belgilaydi. Qadoqda uni identifikatsiya qilish va to‘g‘ri foydalanish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar, shu jumladan seriyasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatiladi.
O‘z navbatida, raqamli markirovka alohida qadoqlarni farqlash imkonini beradi. Bitta dori vositasining ikkita qutisi bir xil ko‘rinishi, bir xil dozaga ega bo‘lishi va bitta seriyaga tegishli bo‘lishi mumkin, ammo har bir markirovkalangan qadoq o‘zining raqamli kodiga ega.
“Asl Belgisi” raqamli markirovka milliy axborot tizimidagi qadoq haqidagi ma’lumotlar ushbu kod bilan bog‘langan. Operatsiyalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar kelib tushishi bilan uning harakat tarixi shakllanib boradi. Ushbu tarixning to‘liqligi ishtirokchilarning tizimga ma’lumotlarni qanchalik to‘g‘ri va o‘z vaqtida yetkazishiga bog‘liq.

Dorixonagacha bo‘lgan yo‘l: dori vositasi va u haqidagi ma’lumotlarni saqlash
Yetkazib beruvchilar va logistika xizmatlari dori o‘z xususiyatlarini saqlab qolishi uchun tashish va saqlash shartlariga rioya qilishlari shart. Bu, ayniqsa, haroratga sezgir preparatlar uchun muhimdir.
Harorat rejimini uskunalar va xodimlar ta’minlaydi, raqamli tizim esa tovar muomalasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qayd etib boradi. Shu bilan birga, ilova qilinadigan hujjatlar mahsulot kimdan kelganligini va kimga uzatilganligini aniqlash imkonini beradi. Markirovka tovar aylanmasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni aniq qadoqlar bilan bog‘laydi. Bu yetkazib berish ma’lumotlarini taqqoslash va nomuvofiqliklarni aniqlash imkonini beradi.
Farmatsevtning ishi xaridor bilan uchrashishdan oldin boshlanadi
Dorixonaning ishi xaridor bilan uchrashishdan ancha oldin boshlanadi: kelib tushgan dori vositalari peshtaxtalarga qo‘yilishidan oldin tekshirilishi kerak.
“Mahsulot kelib tushganda biz uning ilova qilingan hujjatlarga muvofiqligini, qadoqning butunligini, yaroqlilik muddati va markirovkasini tekshiramiz. Markirovka kodi Asl Belgisi tizimi orqali tekshiriladi, bu esa dori vositasini sotishdan oldin u haqdagi ma’lumotlarning to‘g‘riligiga ishonch hosil qilish imkonini beradi”, — deydi Navbahor dorixonalar tarmog‘ining tijorat direktori Gulxumor Qoraboyeva.
Uning so‘zlariga ko‘ra, markirovkani tekshirish dori vositalarini qabul qilish va berishning standart jarayoniga kiradi. Agar ma’lumotlar mos kelmasa, sabab aniqlanmaguncha va ma’lumotlar yetkazib beruvchi bilan solishtirilmaguncha dori sotuvga chiqarilmaydi. Dorixona xodimlari uchun nafaqat farqni payqash, balki dori vositasini xaridorga berishdan oldin uning sababini aniqlash ham muhimdir.
Qabul qilingandan so‘ng, to‘g‘ri saqlashni ta’minlash zarur. Dorini berishda farmatsevt uning shakli va dozasini tekshiradi, ko‘rsatmalarni hisobga oladi va o‘z vakolati doirasida savollarga javob beradi. Sotuvni rasmiylashtirishda kodni skanerlash qadoqning muomaladan chiqishini aks ettirish imkonini beradi.
CRPT TURON ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda tizimga ulangan dorixona tashkilotlari soni 7 652 tani tashkil etdi, bu 2024-yilga nisbatan 16,7 foizga ko‘pdir.
Xaridor bu tekshiruvlarni ko‘rmasligi mumkin, ammo aynan xodimlarning kundalik professionalligi va e’tiborliligi tufayli dorixonaga bo‘lgan ishonch shakllanadi. Raqamli vositalar nomuvofiqlikni aniqlashga yordam beradi, keyingi harakatlar esa mutaxassis ishtirokini talab qiladi.

Sotuvdan oldingi tekshiruvda ma’lumotlar qanday yordam beradi
“Asl Belgisi” MATda ta’kidlanganidek, 2025-yilda cheklar bo‘yicha 251 milliondan ortiq markirovkalangan dori vositalari qadog‘i sotilgan. Shu bilan birga, kodni tekshirish qadoq va uning harakati haqidagi ma’lumotlarni solishtirish imkonini beradi, ammo preparatning o‘zining sifatini nazorat qilish o‘rnini bosmaydi.
Ruxsat berish rejimi doirasida kassada kodni skanerlashda uning ro‘yxatdan o‘tkazilganligi, tovarning yaroqlilik muddati, ilgari muomaladan chiqarilganligi (agar shunday holat bo‘lgan bo‘lsa) va muomalasining to‘xtatilgan bo‘lishi mumkinligi (masalan, dori seriyasi qaytarib olinganda) haqidagi ma’lumotlarni tekshirish ko‘zda tutilgan. Tekshirishning salbiy natijasi sotuvni rasmiylashtirishni cheklash uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Ishlab chiqaruvchi yaroqlilik muddati haqidagi ma’lumotlarni muayyan qadoq kodi bilan bog‘lagan holda tizimga uzatadi. Ushbu ma’lumotlardan sotishdan oldin foydalanish mumkin bo‘lib, ular farmatsevtning yaroqlilik muddatini nazorat qilish bo‘yicha ishini to‘ldiradi.

Xaridor nimani tekshirishi mumkin
Xaridor ham qadoqni tekshirishi mumkin – buning uchun “Asl Belgisi” mobil ilovasidan foydalanish va markirovka kodini skanerlash kerak. Dori kartochkasida dori nomi, ishlab chiqaruvchisi haqidagi ma’lumotlar, ruxsat etuvchi va ilova qilinadigan ma’lumotlar hamda yaroqlilik muddati, shuningdek, markirovkani tekshirish natijasi bilan tanishish mumkin.
Dori sotib olayotganda nafaqat ilova va qadoqdagi ma’lumotlarning mos kelishiga, balki markirovka kodining holatiga ham e’tibor qaratish muhimdir. Kod hisobdan yoki muomaladan chiqarilmagan bo‘lishi kerak. Agar ilova shunday holatni ko‘rsatsa, ma’lumotlar bir-biriga mos kelmasa yoki skanerlash natijasi shubha tug‘dirsa, ma’lumotni farmatsevtdan aniqlashtirish va zarur hollarda Asl Belgisi qo‘llab-quvvatlash xizmatiga murojaat qilish maqsadga muvofiq.
Gulxumor Qoraboyevaning ta’kidlashicha, xaridorlarning markirovkaga bo‘lgan qiziqishi asta-sekin ortib bormoqda. “Agar xaridorda savollar tug‘ilsa, dorixona xodimlari Asl Belgisi tizimi qanday ishlashini tushuntirib berishadi va zarur bo‘lsa, preparatning markirovkasini tekshirishga yordam berishadi”, — deb ta’kidladi u.
“Asl Belgisi” MAT ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda ilova orqali dori vositalari kodlari 7,3 million martadan ortiq skanerlangan bo‘lsa, 2024-yilda bu ko‘rsatkich taxminan 1,1 millionni tashkil etgan.

Har bir bosqichda mas’uliyat
Dori vositasining iste’molchiga yetib borishi yo‘lida bir necha ishtirokchi javobgar hisoblanadi. Ishlab chiqaruvchi chiqarilayotgan preparatning sifatini, yetkazib beruvchilar tashish va saqlash shartlariga rioya etilishini, dorixona esa kelib tushgan tovarni tekshirish, uni saqlash va to‘g‘ri sotishni ta’minlaydi. Davlat organlari nazoratni amalga oshiradi. “Asl Belgisi” preparatni to‘liq kuzatib borish imkonini beradi va ishtirokchilarga qadoq haqidagi ma’lumotlar bilan ishlash hamda uning harakatini tekshirishda yordam beradi.
Iste’molchi uchun bu ish farmatsevt bilan uchrashganda ko‘zga tashlanadi. Berilgan qadoq ortida hujjatlarni tekshirish, yaroqlilik muddatlarini nazorat qilish, nomuvofiqlik aniqlanganda esa yetkazib beruvchi bilan uning sabablarini oydinlashtirish turadi. Butunjahon farmatsevtlar kuni — biz dori vositalari haqidagi savollar bilan murojaat qiladigan mutaxassislarning ushbu kundalik mas’uliyatini e’tirof etish uchun bir fursatdir.