Matonat va jasorat — inson imkoniyatlaridan ustun kuch
Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida sportchilar ishtirokida “Matonati va jasorati o‘z imkoniyatidan kuchli” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston, Osiyo va jahon chempioni, “Rio–2016” Paralimpiya o‘yinlari bronza medali sohibi Miran Saxatov, O‘zbekiston va Osiyo chempioni, xalqaro toifadagi sport ustasi Ubaydulla Imomqulov ishtirok etgan tadbirda mehmonlar o‘zlarining sportdagi faoliyati, xalqaro musobaqalardagi ishtiroki, yuqori natijalarga erishish yo‘lidagi mashaqqatli mehnati, qat’iyati va hayotiy tajribalari haqida gapirib berdi.

Jumladan, jismoniy imkoniyatlar insonning maqsad sari intilishi, iroda va matonatini cheklamasligi, aksincha, har qanday sinovni yengib o‘tishda kuchli motivatsiya bo‘la olishi ta’kidlandi.
Samimiy muloqot davomida kursantlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, sportchilarning hayot yo‘li, mashg‘ulot jarayonlari, musobaqalarga tayyorgarlik hamda xalqaro maydondagi tajribalari yuzasidan fikr almashdi.

Qayd etilganidek, mazkur uchrashuv yosh avlod qalbida iroda, matonat, jasorat, vatanparvarlik va maqsad sari qat’iyat bilan intilish kabi fazilatlarni shakllantirish, shuningdek, har qanday sharoitda o‘z imkoniyatlariga ishonish muhimligini targ‘ib etishga xizmat qildi.
G.Boboyeva,
O‘zA