Sport ozuqasi kapsulalari ichiga yashirilgan sintetik narkotiklar fosh etildi
Toshkent xalqaro aeroportida bojxona xodimlari sintetik narkotik moddalarni biologik faol qo‘shimchalar sifatida olib kirishga uringan qo‘shni davlat fuqarosini aniqladi.
Ma’lum qilinishicha, “yashil” yo‘lak orqali harakatlangan ushbu shaxsning yuklari bojxonachilar tomonidan tekshirilganda, sportchilar ozuqasi sifatida taqdim etilgan 2 quti biologik faol qo‘shimcha diqqatni tortgan.

Qadoq ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur qutilarda jami 760 dona oq rangli kapsula bo‘lishi kerak edi. Biroq tekshiruv jarayonida har ikkala qutidagi kapsulalar soni 920 donani tashkil etgani aniqlandi. Shuningdek, kapsulalar oq rangda emas, balki sariq va qizil ranglarda bo‘lgani ular qo‘lbola tarzda qadoqlanganini ko‘rsatdi.
Bojxona qo‘mitasi Markaziy bojxona laboratoriyasi ekspert xulosasiga ko‘ra, kapsulalar ichiga joylangan modda “Alfa-PVP” turidagi sintetik narkotik ekani ma’lum bo‘ldi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu giyohvandlik vositalarining qora bozordagi chakana qiymati 350 ming AQSH dollarigacha yetishi mumkin.
Shuningdek, “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi tezkor tuzilmalari tomonidan tadbir davom ettirilib, yo‘lovchi tomonidan “zakladka” usulida tarqatish uchun yashirib ketilgan yana bir manzil ham aniqlandi.

Yuqori Chirchiq tumanidagi ko‘zdan pana joy belgilangan tartibda xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, yerga ko‘mib qo‘yilgan polietilen paket topildi. Unda bir necha bo‘laklarga bo‘lingan, umumiy og‘irligi taxminan yarim kilogramm bo‘lgan “gashish” giyohvandlik moddasi borligi aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari davom etmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA