“Musodara tovarlari” niqobi ostidagi katta firibgarlik fosh etildi
So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda musodara qilingan tovarlarni arzon narxlarda sotishni va’da qiluvchi turli guruh va kanallar ko‘paymoqda. Bir qarashda jozibador ko‘ringan bunday takliflar ortida oddiy fuqarolarni aldashga qaratilgan firibgarlik sxemalari yotgani aniqlandi.
Bojxona qo‘mitasi matbuot kotibining ma’lum qilishicha, bunday kanallarda maishiy texnika, gadjetlar va transport vositalari bozor narxidan bir necha barobar arzon qilib taklif etiladi. Masalan, skuter 800 ming so‘m, noutbuk esa 500 ming so‘m kabi ishonchsiz darajada past narxlarda e’lonlar joylashtirilmoqda. Tabiiyki, bu kabi “jozibador takliflar” har qanday iste’molchini qiziqtirishi mumkin.

Kanal ma’murlari esa ishonch uyg‘otish maqsadida tovarlar go‘yoki bojxona organlari tomonidan musodara qilingani va shu bois arzonlashtirilganini ta’kidlaydi. Ayrim hollarda profillarda bojxona idoralarining rasmiy logotiplari, soxta litsenziyalar va davlat organlari nomidan foydalanilgan belgilar ham joylashtiriladi.

Afsuski, bunday aldovlarga ishongan ayrim fuqarolar tovarni tezroq qo‘lga kiritish ilinjida oldindan to‘lovni bank kartalari orqali amalga oshirmoqda. Ammo pul o‘tkazilgan zahotiyoq “sotuvchi” bilan aloqa uziladi, xaridor esa “qora ro‘yxat”ga kiritiladi. Natijada na pul qaytariladi, na va’da qilingan tovar yetkazib beriladi.
Bu kabi holatlar nafaqat fuqarolarga moddiy zarar yetkazmoqda, balki davlat idoralari, xususan bojxona organlari obro‘siga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Shu munosabat bilan Bojxona qo‘mitasining Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda bunday jinoyatlarni fosh etish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, joriy yilning 27-aprel kuni Toshkent shahrining Mirobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida “Musodara tavvarlar” telegram kanali hamda “musodara_tavar_arzon” nomli instagram sahifasi orqali faoliyat yuritib kelgan shaxs qo‘lga olindi.
Ma’lum bo‘lishicha, 2008-yilda tug‘ilgan ushbu shaxs internet orqali turli soxta e’lonlar joylashtirib, fuqarolarni arzon tovarlar bilan jalb qilgan va ularning ishonchini suiiste’mol qilib, pul mablag‘larini o‘zlashtirib kelgan. U xaridorlarni ishontirish maqsadida chet eldan olib kirilgan noqonuniy tovarlar bojxonada musodara qilingani va 80 foiz chegirma asosida sotilayotgani haqida muntazam ravishda yolg‘on ma’lumotlar tarqatgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mutaxassislar fuqarolarni hushyorlikka chaqirib, shubhali internet-e’lonlarga ishonmaslikni tavsiya etmoqda. Esda tutish joizki, bojxona organlari tomonidan musodara qilingan va sud qarori asosida davlat tasarrufiga o‘tkazilgan tovarlar savdosi faqatgina “Bojxona servis” davlat muassasasi orqali qonuniy tarzda amalga oshiriladi.
Bir so‘z bilan aytganda, arzon narx ortidagi “oson foyda” ko‘pincha qimmatga tushadi. Har qanday xaridda hushyorlik va tanqidiy yondashuv eng ishonchli himoya vositasidir.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA