Osiyo xotin-qizlari ikkinchi forumini yuqori saviyada tashkil etish masalasi muhokama qilindi
Oliy Majlis Senatiga “BMT-ayollar” tuzilmasi Markaziy Osiyo bo‘yicha muvofiqlashtiruvchisi ofisi rahbari, O‘zbekistondagi “BMT-ayollar” tuzilmasi ofisi rahbari vazifasini bajaruvchi Jeren Guven Guresh tashrif buyurdi.
Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Orzigul Qozixonova bilan uchrashuvda mamlakatimizda xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish va gender tenglikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida so‘z yuritildi.
O‘zbekistonda o‘tkazilishi kutilayotgan Osiyo xotin-qizlari ikkinchi forumini yuqori saviyada tashkil etishga doir tashkiliy masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Tomonlar o‘zaro hamkorlik yuksak ahamiyatga ega ekanini va izchil va uzviy ravishda rivojlantirilishi zarurligini ta’kidlab, bu yo‘nalishda amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish zarurligiga e’tibor qaratdi.
Bo‘lajak forum mazmunini boyitish, uni amaliy natijalarga yo‘naltirish va yakuniy hujjatni aniq taklif va tavsiyalarga asoslangan holda ishlab chiqish muhim ahamiyatga ega.

“BMT-ayollar” tuzilmasi mazkur hujjat loyihasini xalqaro ekspertlar ishtirokida puxta ishlab chiqishda ko‘maklashishi qayd etildi.
Forum doirasida yuqori malakali mutaxassislar, xalqaro ekspertlar va amaliyotchi mutaxassislarni keng jalb qilish, panel sessiyalar mavzularidan kelib chiqib, nufuzli ma’ruzachilar ishtirokini ta’minlash masalalari ham muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda gender tenglikni rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni izchil amalga oshirishga tayyor ekanini bildirdi.
N.Abduraimova,
O‘zA