So‘zi va qalami o‘tkir jurnalistlarni tayyorlash — bugungi davr talabi
Bugungi axborot asri, tezkor davr ommaviy axborot vositalari vakillaridan katta mahorat va dadillikni talab etadi. Hozirgi davr talabiga javob beradigan, daqiqa sayin yangilanib, o‘zgarib borayotgan jahon maydonida o‘z so‘zini ayta oladigan kadrlarni tayyorlash eng dolzarb vazifadir.
Bu borada O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti yurtimizda malakali, zamon talablariga munosib kadrlarni yetishtirishda yangicha ko‘rinishdagi oliy ta’lim maskani bo‘ldi. Prezidentimizning 2018 yildagi tegishli qaroriga muvofiq tashkil etilgan O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi hududida yagona jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalarga ixtisoslashgan ta’lim dargohidir. Bu maskan dunyoda Universitet maqomini olgan jurnalistika sohasidagi noyob ta’lim muassasasi. Boshqa universitetlardan farqli o‘laroq, O‘zJOKUning o‘z ramzlari, bayrog‘i, madhiyasi, logotipi bor. Ushbu oliy ta’lim muassasasining yana bir o‘ziga xosligi Open Air labirint, Press club, radio va TV studiyalarning mavjudligidir.

Bu yil universitetni teleradio va xalqaro jurnalistika mutaxassisliklari bo‘yicha 110 nafar talaba tamomlaydi. O‘tgan yili esa jami 100 ga yaqin talaba mazkur mutaxassislik diplomiga ega bo‘lgan edi. Universitetimiz tashkil etilganiga 6 yil bo‘lishiga qaramay, katta natijalarga erishdik, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
O‘zJOKUda dastlab 4 ta yo‘nalish bo‘lgan bo‘lsa, hozirga kelib, 17 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari mavjud. Universitetning ilk bitiruvchilari 100 nafar edi. 2022-2023-o‘quv yilidaesa dargohimizni 529 nafar talaba bitirgan. Ularning 264 nafari o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha ishga joylashgan.
Universitetning ilk yillarida tashkil etilgan eng katta fakultetlaridan biri Xalqaro va audiovizual jurnalistika fakulteti hisoblanadi. Fakultetda Xalqaro jurnalistika, Teleradio jurnalistika, San’at jurnalistikasi, Sayohat jurnalistikasi va xorijiy tillar yo‘nalishlari mavjud. Zamonaviy jurnalistikada san’at va sayohatni maromiga yetkazib yoritish, sohaga kreativ yondashuv talab qilinadi. Yetuk kadrlarga ehtiyoj sezilgani uchun ham San’at va Sayohat jurnalistikasi yo‘nalishlari ochildi.
Bugungi kunda Xalqaro va audiovizual jurnalistika fakulteti tarkibidagi «Xalqaro va audiovizual jurnalistika» kafedramizda 30 dan ziyod professor-o‘qituvchilar, tajribali amaliyotchi o‘qituvchilar hamda yosh umidli kadrlar faoliyat yuritadi. Ularning 5 nafari filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) sanaladi. 8 nafari dotsent ilmiy unvoniga ega, fan doktorlarimiz (DSc) soni esa 4 tani tashkil qiladi.
Ra’no Jo‘rayeva, Muslimbek Yo‘ldoshev, Gulnora Mahkamova, Abduvahob Qodirov, Bobur Alixonov, Alisher Badalov kabi televideniye darg‘alari talabalarga kasb sirlarini o‘rgatib kelishmoqda. Yulduz Zohidova, Uljamol Xonnayeva, Navfal Boltayev, Dilshod Bo‘riyev, Yelena Mirzayeva, Feruza G‘ulomova, Farrux Olimov kabi amaliyotchi o‘qituvchilar o‘z tajribalaridan kelib chiqib saboq berishayotgani ta’lim sifatining oshishiga xizmat qilmoqda.
Bundan tashqari, mahoratli teleradio jurnalistlar, boshlovchi va diktorlar ishtirokida mahorat darslari tashkil etib boriladi. Xususan, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Nasiba Ibrohimova, diktor Jamshid Umrzoqov, Dildora Rustamova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Anvar Abduvaliyev, radioboshlovchilar Vahobiddin Ziyo, Dilafruz Yusupova, Azamat Oxundi, Umarxon Usmonov, teleboshlovchi Tolibjon Isroilov, Dildora Sa’dullayeva, Qunduzxon Abdullayeva kabi sohaning mohir ustalari talabalarga teleradioga doir saboqlarni berishadi.
Kafedraning amaliyotchi o‘qituvchilari tomonidan amaliy darslar zamonaviy uskunalar bilan ta’minlangan radio va telelaboratoriyalarda, shuningdek, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamda Milliy media Assotsiatsiyasi tarkibidagi teleradiokanallar studiyalarida olib boriladi. Universitet telestudiyasida «O‘zbekiston» telekanalining «Munosabat» tok-shou dasturi va «Renessans» telekanalining informatsion dasturlari, radiostudiyada esa «Yoshlar», ”Oriat Dono” radiokanallari dasturlari uchun talabalar lavhalar tayyorlab berishadi.
Shuningdek, amerikalik o‘qituvchi Peter Shokey, turkiyalik olim Musa Yovuz xalqaro jurnalistika bo‘yicha talabalarga bilim berishayapti. “Keys stadi”, “SWOT”, «aqliy hujum», «debat» kabi interfaol usullar, loyihalash, muammoli o‘qitish texnologiyalari yordamida teleradio jurnalistika, san’at jurnalistikasi, sayohat jurnalistikasi, xalqaro jurnalistika yo‘nalishlari uchun «Audiovizual jurnalistika», «Boshlovchi nutq texnikasi va mahorati», «Televideniye va radioda boshlovchi imiji va mahorati», «Ssenariy yozish mahorati», «Audiovizual jurnalistikada yangi trendlar», «Kreativ fikrlash», «Sayohat jurnalistikasida yangiliklar va reportyorlik mahorati», «San’at jurnalistikasida janrlar», «Interaktiv audiovizual jurnalistika va tok-shou», «Xalqaro jurnalistning ijodiy faoliyat asoslari», «Xalqaro jurnalistikada zamonaviy strategiyalar», «Rejissura, tasvirga olish va montaj amaliyoti», «Audiokitoblar, ovozlashtirish va dublyaj» kabi fanlardan ma’ruza, seminar va amaliy mashg‘ulotlar olib boriladi. Shuningdek, kafedrada magistratura bo‘yicha teleradiojurnalistika va xalqaro jurnalistika yo‘nalishlarida magistrlar tahsil oladi.
Kafedramizning ilmiy salohiyati 40 foizdan oshadi. Kafedra ish faoliyatini boshlagandan beri professor-o‘qituvchilar tomonidan 10 ga yaqin o‘quv qo‘llanma hamda 3 ta monografiya chop etilgan. So‘nggi 2 yil davomida kafedra tomonidan «Audiovizual jurnalistika va zamonaviy texnologiyalar: strategiya, tajriba va istiqbollar» mavzusida respublika konferensiyasi va «Audiovizual jurnalistika: global o‘zgarishlar davrida» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar yuqori saviyada o‘tkazildi. Kafedraning o‘nga yaqin mustaqil tadqiqotchilari sohaga oid ilmiy izlanishlar olib borishmoqda. Shu vaqtga qadar 10 ga yaqin ilmiy ishlar himoyasi amalga oshirilgan.
Universitetimizda “Jurnalist.records” radioto‘garagi tashkil etilgan. Mazkur to‘garak doirasida talabalar tomonidan tayyorlangan «Munavvar tong», «Xayrli kun», «Muzik taym», «O‘chmas siymolar», «Siz bilan birga», «Kino olamiga sayohat», «Nigoh» dasturlari va ko‘ngilochar eshittirishlar tinglovchilarni befarq qoldirayotgani yo‘q. Telestudiyada esa talabalar bilan birga tayyorlangan «Salom, talaba!»ko‘ngilochar dasturi youtube tarmog‘i orqali berib boriladi. Bundan tashqari, telestudiyada yozilgan kafedra professor-o‘qituvchilarining videodarslari fanlarni sifatli o‘zlashtirish imkonini bermoqda.
Jurnalist – xalq bilan davlat o‘rtasidagi ko‘prik. Elning muammosi, orzu-umidlari va yutuqlarini ommaga ko‘rsatadigan ko‘zgudir. O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar univeristetida tahsil olayotgan har bir talaba ana shu mas’uliyatni teran idrok etishi zarur. Jurnalistning hamisha so‘zi o‘tkir, qalami oltin, nigohlari tiyrak bo‘lishi kerak. Universitetimizda tashkil etilgan ijodiy muhit kelgusida ana shunday kadrlar yetishib chiqishiga xizmat qiladi.
Shahnoza Taylakova,
O‘zJOKU Xalqaro va audiovizual jurnalistika dekani,
Yulduz Zohidova,
«Xalqaro va audiovizual jurnalistika» kafedrasi mudiri,
Uljamol Xonnayeva,
«Xalqaro va audiovizual jurnalistika» kafedrasi
katta o‘qituvchisi.