Sohibqiron merosi – yoshlar tarbiyasida muhim manba
Ichki ishlar vazirligi Qashqadaryo akademik litseyi hamda “Mahalla” xayriya jamoat fondi Qashqadaryo viloyati bo‘limi hamkorligida buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Mazkur tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlar ongida milliy g‘urur, tarixiy xotira va vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash, shuningdek, sohibqironning boy merosi hamda davlat boshqaruvi sohasidagi ibratli faoliyatini keng targ‘ib etishdan iborat bo‘ldi.

Tadbir davomida litsey o‘quvchilari tomonidan Amir Temur hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan sahna ko‘rinishlari, she’rlar hamda badiiy chiqishlar namoyish etildi. Shuningdek, mutaxassislar va fond vakillari tomonidan sohibqironning harbiy san’ati, adolatli boshqaruv tamoyillari hamda uning jahon tarixida tutgan o‘rni xususida ma’ruzalar qilindi.

Tadbirda alohida ta’kidlanganidek, sohibqironning mashhur “Kuch – adolatda” degan shiori bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. U yosh avlodni halollik, jasorat va Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Tadbir yakunida faol ishtirok etgan o‘quvchilar hamda tashabbuskorlar tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar yoshlar qalbida buyuk ajdodlarimizga bo‘lgan hurmat va iftixor tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri