Sho‘rxok yerda “shirin kartoshka”
Jizzax viloyati Arnasoy tumanidagi sho‘rxok yer maydonlarida ilk bor batat — yuqori qiymatli va eksportbop ekin turini yetishtirish ishlari boshlandi. Bu tashabbus “BMB Holding” tarkibidagi “BMB Agro” korxonasi tomonidan qishloq xo‘jaligida innovatsion yondashuvlarni keng joriy etish doirasida amalga oshirilmoqda.
Ma’lumki, batat (Ipomoea batatas L.) jahonda keng tarqalgan, oziqaviy qiymati yuqori bo‘lgan ekin hisoblanadi. Uning asl vatani Markaziy va Janubiy Amerika hududlari bo‘lib, ayniqsa, Peru va Meksikada qadimdan yetishtirib kelingan. Bugungi kunda esa Xitoy, Hindiston, Indoneziya va Afrika mamlakatlarida yirik hajmlarda parvarishlanib, global oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim o‘rin tutmoqda. Xalqaro oziq-ovqat tashkilotlari ma’lumotlariga ko‘ra, batat tarkibidagi vitaminlar, ayniqsa, A vitaminiga boyligi uni parhezbop va sog‘lom mahsulot sifatida ajratib turadi.

Arnasoyda ekilayotgan batatning mahalliy va introduksiya qilingan navlari korxonaning zamonaviy issiqxonalarida yetishtirilgan ko‘chatlar asosida amalga oshirilmoqda. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mazkur ekin sho‘rxok va kam unumdor yerlarda ham yaxshi hosil berish xususiyatiga ega bo‘lib, bu esa undan samarali yer resurslarini o‘zlashtirishda muhim omil sifatida foydalanish imkonini yaratadi.

“BMB Holding” ilmiy tadqiqotlar bo‘limi boshlig‘i, qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori Bumayram Usmonovaning qayd etishicha, batatning vegetatsiya davri 90-120 kunni tashkil etadi. Tuganaklarining o‘rtacha vazni 480-560 grammgacha yetadi, tovarbop hosil ulushi esa 97 foizdan yuqori. Bunday ko‘rsatkichlar uni fermerlar uchun yuqori daromad keltiradigan istiqbolli ekinlar qatoriga qo‘shadi.
Xalq orasida “shirin kartoshka” nomi bilan tanilgan batat nafaqat oziq-ovqat sifatida, balki qayta ishlash sanoatida ham keng qo‘llaniladi. Undan bioetanol, kraxmal, konditerlik va konserva mahsulotlari ishlab chiqarish mumkin. Shu jihatdan, mazkur loyiha mamlakatda qishloq xo‘jaligi diversifikatsiyasini kengaytirish, import o‘rnini bosuvchi va raqobatbardosh mahsulotlar hajmini oshirishga xizmat qiladi.

Mutaxassislar fikricha, batatni vegetativ usulda ko‘paytirish imkoniyati uni qisqa muddatda ommalashtirish va ishlab chiqarish hajmini kengaytirishda qo‘l keladi. “BMB Agro” korxonasi kelgusida mazkur ekin maydonlarini bosqichma-bosqich kengaytirish, ilg‘or agrotexnologiyalarni joriy etish va yuqori hosildor navlarni amaliyotga tatbiq etishni rejalashtirmoqda.
Bu tashabbus sho‘rxok yerlardan samarali foydalanish, yangi turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini joriy etish va mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash yo‘lida muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri