Shiddat va nazokat uyg‘unligi
Inson umrining haqiqiy salmog‘i uning yashagan yillar soni bilan emas, el-yurtga qilingan xizmati, odamlar qalbida qoldirilgan mehri bilan o‘lchanadi.
Shu ma’noda, Lutfiya Ro‘ziboyevaning 85 yillik hayot yo‘li oddiy tarjimai hol emas, balki san’at, tarbiya, jamoatchilik faolligi va vatanparvarlikni mushtarak maqsadga birlashtirgan ibratli umr maktabidir. Bu yo‘lning har bir bosqichida qat’iyat, tashabbus, odamlarga ishonch, milliy madaniyatimizni asrab-avaylash va kelgusi avlodga yetkazish mas’uliyati mujassam.
Tariximizga nazar tashlasak, To‘maris – matonat va Vatan himoyachisi, Bibixonim – bunyodkorlik va ma’rifatparvarlik homiysi, Nodirabegim – she’rlarida ayol qalbi kengliklarini ko‘rsata olgan, nozik tafakkur va ijtimoiy mas’uliyat egasi, Uvaysiy – ma’naviy jasorat sohibasi, Zulfiyaxonim – sadoqat va nafosatning yorqin timsoli bo‘lib keladi. Bu zotlar turli davr, zamonlarda yashagan bo‘lsa-da, barchasini mas’uliyat, undan bir qarich ham chekinmaslik, odamlarga ezgulik ulashish va o‘z ortidan nurli iz qoldirish fazilati birlashtirib turadi.
Lutfiya opani o‘ziga xos shiddati, tashkilotchiligi, yoshlar qalbiga milliy ruhni singdirishga bo‘lgan cheksiz muhabbati va bu yo‘ldagi harakatlari bilan ana shu qutlug‘ an’ananing munosib davomchilaridan biri, deyish mumkin.
Samarqand zaminida dunyoga kelgan Lutfiya Ro‘ziboyeva yoshligidan san’at va sahna sirlariga oshno bo‘ldi. Toshkent teatr va rassomchilik institutida olgan ta’limi unga aktyorlik mahorati, badiiy did va inson ruhiyatini anglash qobiliyatini berdi; jurnalistika hamda rejissyorlik tajribasi esa voqelikni teran kuzatish, g‘oyani ta’sirchan obrazga aylantirish va katta jamoani umumiy maqsad sari boshlashni o‘rgatdi. Keyingi tahsil va rahbarlik maktablari bu tabiiy iste’dodni qat’iy intizom, keng dunyoqarash va yuksak mas’uliyat bilan boyitdi. Shu bois uning faoliyatida ijodkorning qalb sezgirligi bilan rahbarning talabchanligi tabiiy uyg‘unlashib keldi.
O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasidagi ko‘p yillik rejissyorlik faoliyati Lutfiya opaning ijodiy tafakkuri toblangan katta maktab bo‘ldi. Televideniye – bir lahzalik tasvir orqali minglab qalblarga ta’sir ko‘rsatadigan murakkab san’at; unda har bir kadr, ovoz, harakat muayyan g‘oyaga xizmat qiladi. Lutfiya Ro‘ziboyeva ana shu mas’uliyatni chuqur his etgan holda ko‘plab madaniy dasturlar va ijodiy loyihalarning mazmunan puxta, badiiy jihatdan ta’sirchan bo‘lishiga munosib hissa qo‘shdi.
Sahna ortidagi mehnat ko‘pincha ko‘zga tashlanmaydi, ammo tomoshabin qalbiga yetib borgan har bir muvaffaqiyatli dasturda rejissyorning tafakkuri, sabri va zehni mujassam bo‘ladi.
Uning mehnat yo‘li san’at sohasi bilangina cheklanmadi. Jamoat va tashkiliy ishlar, mas’ul rahbarlik vazifalari Lutfiya opaning naqadar serqirra shaxs ekanini ko‘rsatadi. Turli muhitlarda faoliyat yuritish unga odamlarni tinglash, vaziyatni tez anglash, murakkab sharoitda oqilona qaror qabul qilish va jamoani yagona maqsad atrofida birlashtirish mahoratini berdi. Keyinchalik bu fazilatlar “O‘zbegim yoshlari” ansamblining shunchaki ijodiy jamoa emas, balki yuksak tarbiya va milliy g‘urur maktabiga aylanishida hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi.
Lutfiya Ro‘ziboyevaga berilgan “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” va “Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi” kabi faxriy unvonlar uning ko‘p yillik mehnatiga munosib bahodir. Biroq u kishining eng katta mukofoti – sahnada o‘z yo‘lini topgan shogirdlari, milliy san’atga oshno bo‘lgan minglab yoshlar va uning mehrini his etgan insonlarning samimiy hurmatidir. Chinakam ustoz uchun e’tirofning eng yuksak ko‘rinishi ham shu: u tarbiyalagan insonlar o‘z salohiyatini xalq manfaati yo‘lida namoyon etadi va ustozdan olgan ma’naviy saboqni keyingi avlodga yetkazadi.
“O‘zbegim yoshlari” ansambli Lutfiya opaning hayot yo‘lidagi eng yorqin va mazmundor sahifalardan biridir. U rahbarlik qilayotgan jamoada san’at bilan tarbiya, mahorat bilan odob, sahna madaniyati bilan milliy g‘urur bir-biridan ajralmaydi. Yosh ijrochi yaxshi kuylashi yoki mahorat bilan raqsga tushishi bilangina komil san’atkor bo‘lib qolmaydi. U o‘z xalqining tarixi, urf-odatlari, tili va ma’naviy qadriyatlarini anglashi, jamoa oldidagi mas’uliyatini his etishi, sahnada Vatan sha’nini ifoda etayotganini unutmasligi zarur. Lutfiya opa shogirdlariga aynan shu haqiqatni singdirib keldi.
Abdulla Avloniyning “Tarbiya biz uchun yo hayot - yo mamot, yo najot - yo halokat, yo saodat - yo falokat masalasidir” degan hikmati Lutfiya Ro‘ziboyevaning murabbiylik faoliyati mohiyatini juda aniq ifodalaydi. U yoshlardagi iste’dodni ko‘rish bilan kifoyalanmadi; ularning irodasini tobladi, mehnat madaniyatini shakllantirdi, milliy qadriyatlarga sadoqat va sahna intizomini talab qildi. Shu bois ansambldan yetishib chiqqan ikki mingdan ziyod shogird orasida taniqli san’atkorlar, xalq va xizmat ko‘rsatgan artistlar, nufuzli davlat mukofotlari sohiblari bor. Bu natijalar bir kunlik omad emas, balki yillar davomidagi talabchan mehr, ishonch va izchil tarbiyaning samarasidir.
Ansamblning mamlakatimizning turli hududlari, olis mahallalar, harbiy qismlar va Vatan sarhadlarini qo‘riqlayotgan askarlar huzurida o‘tkazgan madaniy-ma’rifiy tadbirlari san’atning haqiqiy ijtimoiy vazifasini namoyon etdi. Lutfiya opa uchun konsert faqat sahna ko‘rki yoki tomoshabin olqishi emas, u inson qalbiga dalda berish, milliy ruhni mustahkamlash va odamlarni ezgu maqsad atrofida birlashtirish vositasidir. Shuning uchun jamoa qayerda chiqish qilmasin, o‘sha maskanda kuy va raqs bilan birga mehr, umid va Vatanga muhabbat muhiti ham qaror topdi.
“O‘zbegim yoshlari”ning xalqaro sahnalardagi faoliyati milliy madaniyatimizning jozibasini dunyoga namoyon etdi. Fransiya, Italiya, Portugaliya, Slovakiya, Malayziya, Janubiy Koreya, Indoneziya, Eron va boshqa mamlakatlardagi chiqishlar orqali o‘zbek qo‘shig‘i, raqsi, milliy liboslari va urf-odatlari turli xalqlar qalbiga yo‘l topdi. Ansamblning YUNESKO huzuridagi CIOFF tashkilotiga qabul qilinishi, Italiyadagi xalqaro yoshlar festivalida milliy musiqa, san’at va taomlarimiz targ‘iboti bo‘yicha yuksak e’tirofga sazovor bo‘lishi jamoaning badiiy salohiyati va tashkilotchilik madaniyatidan dalolat beradi. Bu yutuqlar ortida har bir dasturni puxta o‘ylab, Vatan sha’nini hamisha ustun qo‘yadigan Lutfiya opaning fidokorona mehnati turadi.
Uning madaniyatga xizmati sahna va gastrollar bilan cheklanmagan. Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatri hamda Qoraqalpoq davlat filarmoniyasiga sahna liboslarini beg‘araz taqdim etishi, qoraqalpoq diyoridagi bayram va tadbirlarda shogirdlari bilan muntazam ishtirok etishi qalbidagi saxovat va qardosh xalqlar madaniyatiga bo‘lgan ehtiromning amaliy ifodasidir. Chinakam madaniyat arbobi o‘z yutug‘ini faqat shaxsiy muvaffaqiyat sifatida qabul qilmaydi; u imkoniyatini boshqalar bilan baham ko‘rib, umumiy ma’naviy muhitni boyitishga intiladi. Lutfiya opaning butun faoliyatida ana shu olijanob fazilat ustuvor bo‘lib kelgan.
Ayolning buyukligi ko‘pincha bir vaqtning o‘zida bir necha dunyoga nur bera olishida namoyon bo‘ladi: u oilada mehr manbai, mehnat jamoasida tayanch, shogirdlar uchun ustoz, jamiyat uchun faol fuqaro bo‘la oladi. Lutfiya opa ana shu fazilatlarni tabiiy uyg‘unlashtirgan insonlardan. U kishining nazaridan sahnadagi tartib ham, shogirdning kayfiyati ham, oiladagi tarbiya ham, jamoaning obro‘si ham chetda qolmaydi. Ana shu keng qamrovli mas’uliyat uning xarakteri va hayot mezonini belgilaydigan eng muhim jihatlardan biridir.
Lutfiya Ro‘ziboyevaning hayot yo‘li yosh avlod uchun teran ma’naviy saboqlarni mujassam etadi. Iste’dod mehnat va intizom bilan qo‘llab-quvvatlangandagina to‘liq ro‘yobga chiqadi. Haqiqiy rahbar esa vazifa taqsimlash bilangina cheklanmay, insonlarning imkoniyatini ochadi, ularga ishonch bag‘ishlaydi va umumiy maqsadga ergashtiradi. Milliy madaniyatni dunyoga tanitish uchun uning tashqi jilosini emas, avvalo ichki ruhini chuqur anglash zarur. Eng muhimi, insonning jamiyatdagi o‘rni lavozimi bilan emas, boshqalar taqdiriga qanchalik ezgu ta’sir ko‘rsata olgani bilan belgilanadi.
85 yosh – donishmandlik, e’zoz va sarhisob fasli. Bu muborak pallada inson bosib o‘tgan yo‘lining ma’nosini shogirdlar mehrida, farzandlar kamolida, hamkasblar hurmatida va xalq e’tirofida ko‘radi. Lutfiya opaning umr daftari ana shunday nurli sahifalarga boy va havas qilgulik.
Qalandar Abdurahmonov,
O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi akademigi