Sherali Jo‘rayev nomidagi milliy mumtoz qo‘shiqlar tanlovi g‘oliblari aniqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-iyuldagi “O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayev xotirasini abadiylashtirish va uning ijodiy maktabi an’analarini munosib davom ettirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida Andijon viloyati madaniyat boshqarmasi tomonidan Sherali Jo‘rayev nomidagi musiqa va san’at oliy maktabida Sherali Jo‘rayev nomidagi milliy mumtoz qo‘shiqlar televizion tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Tanlovda ansambllar hamda 10 dan 30 yoshgacha bo‘lgan 100 nafarga yaqin qo‘shiqchilar ishtirok etib, o‘zlarining mumtoz qo‘shiqchilik yo‘nalishidagi iqtidor, mahorat va iste’dodlarini namoyish etdi.

Ishtirokchilarning chiqishlari O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Ilhom Jo‘rayev, Tursunboy Parpiyev hamda “Nihol” mukofoti sovrindori Gulmira Abdulahatova tomonidan baholab borildi.

Mazmunli, rang-barang qo‘shiqlarga boy bo‘lgan tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, 10–17 yoshgacha ishtirokchilar o‘rtasida Andijon shahridagi 2-son bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quvchisi Ilyosbek Umarov, 18-30 yoshgacha ishtirokchilar o‘rtasida Izboskan tumanidagi 6-son bolalar musiqa va san’at maktabi o‘qituvchisi Abdumajid Abdujalilov, badiiy jamoalar – ansambllar o‘rtasida esa Izboskan tumanidagi 25-son bolalar musiqa va san’at maktabi ansambli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Tanlovning g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA