Deputatlar o‘rganish olib bordi
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida joylarda olib borilayotgan islohotlar, investitsiya dasturlari ijrosi hamda tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari E.Aslonova, G.Rayxanova va S.Utemuratova Buxoro viloyatida bo‘lib, investitsiyaviy dasturlar ijrosi, yangi ishlab chiqarish quvvatlari hamda tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Deputatlar Kogon tumanida joylashgan Buxoro sanoatni rivojlantirish kompleksi maxsus sanoat parkidan bo‘lib, hududda investorlar va tadbirkorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, zamonaviy muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, ishlab chiqarishni tezkor yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari hamda soliq va tashkiliy imtiyozlar bilan tanishdi.

Bu yerda istiqbolda ko‘plab investitsiya loyihalarini amalga oshirish, minglab yangi ish o‘rinlarini yaratish va hudud iqtisodiyotiga qo‘shimcha qiymat kiritish rejalashtirilgan. Bu esa Kogon tumani va umuman Buxoro viloyatini yirik sanoat markazlaridan biriga aylantirishga xizmat qiladi.
O‘rganishlarning navbatdagi manzili Buxoro shahrida faoliyat yuritayotgan “TIBTEXNIKA” mas’uliyati cheklangan jamiyat bo‘ldi. U yerda investitsiya dasturlari asosida tibbiy buyumlar ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda. Xususan, korxonada yuqori texnologiyali tibbiy mahsulotlar — koronar stentlar, diagnostik uskunalar hamda bir martalik tibbiy vositalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
Ayni paytda korxona mahsulotlarining ma’lum qismi tashqi bozorlarga eksport qilinib, mamlakat eksport salohiyatini oshirishga hissa qo‘shmoqda. Deputatlar ishlab chiqarish jarayoni, mahsulot sifati va texnologik jihozlanish darajasini ko‘zdan kechirar ekan, mazkur loyihaning hudud iqtisodiyotini rivojlantirish, aholini ish bilan ta’minlash hamda sog‘liqni saqlash sohasini zamonaviy mahsulotlar bilan ta’minlashda muhim o‘rin tutayotganini ta’kidladi.

Shuningdek, Buxoro shahridagi “Kamalak Shabnam teks” MCHJ faoliyati ham o‘rganildi. Korxona tomonidan amalga oshirilayotgan tikuvchilik va to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasining umumiy qiymati 15 million dollarga teng bo‘lib, uning doirasida 150 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Loyiha to‘liq ishga tushgach, korxonada yiliga 4 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarish va matoni bo‘yash quvvati shakllantiriladi.
O‘rganishlar davomida tadbirkorlar tomonidan bildirilgan ayrim muammo va takliflar ham tinglandi. Ularni hal etish yuzasidan amaldagi qonunchilik normalari asosida tegishli tushuntirishlar berildi, mas’ul idoralar oldiga vazifalar qo‘yildi.
Zarif Komilov, O‘zA