Yashirin sex fosh etildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbir davomida Beruniy tumanida yashovchi fuqaroning uyidagi yashirin sexda qo‘lbola usulda alkogol mahsulotlari ishlab chiqarilib, fuqarolarga sotib kelayotganligi aniqlandi.
Davlat xavfsizlik xizmati Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshqarmasi, Ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbir davomida ushbu xonadonda jami 486 dona qalbaki aksiz marka bilan markalangan tayyor shisha idishlari, 244,2 litr qo‘lbola usulda tayyorlangan alkogol mahsuloti, 974 dona qalbaki aksiz marka, 75 litr spirt, 1500 dona qopqoq, 2100 dona qopqoq ichidagi plastmassa, 100 dona “Nukus vinozavodi” yozuvli kapsula, 30 dona “Qarataw” yozuvli qog‘oz korobka, 30 kg alkogol mahsulotlarini o‘rashda foydalaniladigan rulon paket, 225 dona bo‘sh shisha, 1 dona quritish uchun fen va voronka hamda alkogol mahsulotlarni tayyorlash uchun qo‘llaniladigan boshqa buyumlar borligi ma’lum bo‘ldi.
Shundan so‘ng, tezkor tadbir davom ettirilib fuqaroning Beruniy tumanida joylashgan savdo do‘koni ko‘zdan kechirilganida, do‘konda yashirin “YAMA” tashkil qilinib, 10 litrlik baklashkalarda jami 180 litr etil spirtini saqlab kelayotganligi aniqlandi. Ushbu daliliy ashyo sifatida olingan mahsulotlarning dastlabki qiymati 30 million so‘mni tashkil qilmoqda.
Ushbu holat bo‘yicha hozirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA