Shaxmat: Umida Omonova Osiyo chempionati sovrindori
Gongkong shahrida shaxmat bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasida rapid va blits yo‘nalishlari bo‘yicha tashkil etilgan Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi sovrindorlar qatoridan o‘rin egalladi.
14 davlatning 178 nafar shaxmatchisi ishtirok etgan nufuzli musobaqada O‘zbekiston sharafini 3 nafar shaxmatchi himoya qilgan bo‘lsa, ular orasida Umida Omonova blits yo‘nalishining 13 ta turida 9,5 ochko jamg‘arib, Osiyo chempionatining bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Mamlakatimizning birinchi raqamli ayol shaxmatchisi Afruza Hamdamova ushbu yo‘nalishda 9,5 ochko jamg‘argan bo‘lsa-da, qo‘shimcha ko‘rsatkichlar hisobiga 4-o‘rin bilan kifoyalandi.

Rapid yo‘nalishidagi bahslarda Umida Omonova 7,5 ochko bilan musobaqani 5-o‘rinda, Afruza Hamdamova 5,5 ochko bilan 24-o‘rinda yakunladi.
Chempionatning rapid yo‘nalishining erkaklar bahsida dona surgan hamyurtimiz Aleksey Barsov 128 nafar qatnashchi orasida 6,5 ochko bilan 32-pog‘onani band etdi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA