Farg‘onada zamonaviy o‘q otish sporti majmuasi ishga tushirildi
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona shahridagi Sharqiy harbiy okrugga qarashli harbiy qism hududida barpo etilgan zamonaviy o‘q otish sporti majmuasi tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.
Ochilish marosimida Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri, general-leytenant Shuhrat Xolmuhammedov, harbiy xizmatchilar, sportchi yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan mudofaa vaziri Shuhrat Xolmuhammedov mamlakatimizda Prezidentimiz boshchiligida sport sohasini izchil rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. O‘q otish sportini ommalashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar natijasida bugungi kunda respublika hududlarida 116 ta to‘garak faoliyat yuritmoqda. O‘zbekistonlik sportchilar xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok etib, yuksak natijalarga erishmoqda. Farg‘ona viloyatida esa ayni paytda 184 nafar yosh ushbu sport turi bilan muntazam shug‘ullanib, turli musobaqalarda faxrli o‘rinlarni egallab kelmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2024-yil 4-noyabrda qabul qilingan “O‘q otish sport turlarini yanada rivojlantirish va ommalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori sohani yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Hududlarda zamonaviy sport infratuzilmasini barpo etish ana shu qaror ijrosining amaliy ifodasi hisoblanadi.
Farg‘ona viloyati harbiy-ma’muriy sektori tashabbusi bilan barpo etilgan mazkur majmuani qurish uchun 5 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Qurilish ishlari “Marg‘ilon binokor ta’mir-qurilish” MCHJ tomonidan qisqa muddatda amalga oshirilib, zamonaviy talablarga javob beradigan o‘quv-mashq maskani bunyod etildi.
[gallery-30654]
Majmuada harbiy xizmatchilar va sportchilarning merganlik mahoratini oshirish uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Bu yerda uchta maxsus o‘quv maydonchasi, nazariy tayyorgarlik sinfi, shuningdek, shaxsiy tarkib uchun maishiy va xizmat xonalari tashkil etilgan.
Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov ishtirokchilarni yangi sport majmuasi ishga tushirilgani bilan tabriklab, mamlakatimizda yoshlarni sportga keng jalb etish, ularning iqtidorini qo‘llab-quvvatlash va sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga qaratilgan ishlar izchil davom etayotganini ta’kidladi. Shuningdek, u sportchilarga mamlakatimiz va xalqaro maydonlarda o‘tadigan nufuzli musobaqalarda omad tiladi.
Tadbir davomida Xayrullo Bozorov Mudofaa vazirligining “Yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi faol ishtiroki uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Shundan so‘ng mehmonlar yangi o‘q otish sporti majmuasida yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA