Qarshidagi bellashuvlar istiqbol egalarini saraladi
Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida boks bo‘yicha 17 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasida O‘zbekiston kubogi musobaqasi yakunlandi. Haftalik bahslar nafaqat g‘oliblarni aniqladi, balki mamlakatimiz boksi uchun munosib zaxira yetishib chiqayotganini yana bir bor tasdiqladi.
24-31-iyul kunlari o‘tkazilgan musobaqada yurtimizning turli hududlaridan tashrif buyurgan yuzlab yosh charmqo‘lqop ustalari ringga ko‘tarildi. Har bir vazn toifasida kechgan murosasiz bellashuvlar sportchilarning texnik tayyorgarligi, irodasi va g‘alabaga bo‘lgan intilishini namoyon etdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi jamoasi 5 ta oltin, 3 ta kumush va 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida ishonchli tarzda birinchi o‘rinni egalladi hamda O‘zbekiston kubogini qo‘lga kiritdi.
Mezbon Qashqadaryo viloyati jamoasi 2 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza medali bilan ikkinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Bahodir Jalolov maktabi vakillari esa 2 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza medali bilan kuchli uchlikdan joy oldi.
Qayd etish joizki, o‘smirlar o‘rtasidagi bunday nufuzli musobaqalar kelajakda mamlakat sharafini xalqaro maydonlarda munosib himoya qiladigan iqtidorli bokschilarni saralab olishda muhim o‘rin tutadi. Ayni paytda bu kabi bellashuvlar yosh sportchilar uchun katta tajriba maktabi bo‘lib, ularning mahoratini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Qarshidagi bahslar yakuni O‘zbekiston boksida munosib avlod shakllanayotganini yana bir bor namoyon etdi. Bu esa milliy boks maktabining barqaror taraqqiyoti va xalqaro arenalardagi kelgusi muvaffaqiyatlari uchun mustahkam poydevor vazifasini o‘taydi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA