Shaxmat: Osiyo chempionatida Abdusalimov va Tohirjonova mag‘lubiyatsiz yurishni davom ettirmoqda
Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Bator shahrida shaxmat bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasida o‘tayotgan Osiyo chempionatining 3 ta tur o‘yinlari ortda qolgan vaziyatda hamyurtimiz Abdumalik Abdusalimov 3 ochko bilan erkaklar guruhida yetakchilik qilmoqda.
Aytish lozim, A.Abdusalimov 1-turda oq donalarda tojikistonlik Alisher Karimovni, 2-turda qora donalarda indoneziyalik Gelbert Elroy Tariganni va kecha o‘tkazilgan 3-tur musobaqasida oq donalarda qirg‘izistonlik Eldar Orazbayevni mag‘lubiyatga uchratdi.
Mukofot jamg‘armasi 100 ming AQSH dollaridan iborat turnirning 3 tur o‘yinlaridan keyin shaxmatchi yoshlarimizdan Ortiq Nig‘matov 2,5 ochko bilan 143 nafar ishtirokchi orasida 21-o‘rin, Saidakbar Saidaliyev 2 ochko bilan 54, Humoyun Bekmuratov 1,5 ochko bilan 82-pog‘onada bormoqda.

Qit’a birinchiligining ayollar musobaqasida eng yaxshi ko‘rsatkichga ega Gulruhbegim Tohirjonova 3 ochko bilan g‘oliblikka da’vogarlik qilmoqda.
Tohirjonova ilk turda mo‘g‘ulistonlik, 2-turda qora donalarda hindistonlik Anaxifar Zaxidefarni, 3-turda xitoylik Shumeng Chouni yengdi. Afruza Hamdamova va Nilufarxon Imomqo‘ziyeva 2,5, Asal Salimova, Guldona Karimova hamda Madinabonu Xalilova 1,5 ochko bilan chempionatdagi ishtirokini davom ettirmoqda.
Bugun, 1-iyun kuni musobaqaning 4-tur o‘yinlarida Abdumalik Abdusalimov xitoylik Tong Xiao bilan, Ortiq Nig‘matov FIDE bayrog‘i ostida turnirda qatnashayotgan David Pravyan bilan, Humoyun Bekmuratov xitoylik Zilong Yaang bilan, Saidakbar Saidaliyev mo‘g‘ulistonlik Narandolt bilan to‘qnash keladi.

Ayollar bahsining 4-turida Tohirjonova qora donalarda qozog‘istonlik Meruyert Kamalidenovaga, Afruza Hamdamova qora donalarda hindistonlik Sakshi Chitlandega, Nilufar Imomqo‘ziyeva qora donalarda mo‘g‘ulistonlik Bat-Erdene Mungunzilga qarshi dona suradi.
Shuningdek, shaxmatchi qizlarimizdan Asal Salimova, Guldona Karimova hamda Madinabonu Xalilova 4-turda mo‘g‘ulistonlik raqiblari bilan ro‘baro‘ keladi.
Eslatib o‘tamiz, 9 ta turdan iborat chempionatda eng yaxshi ko‘rsatkichga ega 5 nafar, ayollar o‘rtasida 1 nafar ishtirokchi 2027-yilgi Jahon kubogi yo‘llanmasiga ega chiqadi.
Chempionatning so‘nggi 9-tur o‘yinlari 6-iyun kuni bo‘lib o‘tadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA