Jahon chempionati: Bugun “D”, “E” va “F” guruhlarida "jang" bo‘ladi
Jahon chempionatida bugun “D”, “E” va “F” guruhlarida so‘nggi tur bahslari o‘tkazilib, pley-off bosqichiga yo‘l oladigan navbatdagi jamoalar nomi ma’lum bo‘ladi.
Futbol bo‘yicha XXIII Jahon chempionatining bugungi dasturidan “D”, “E” va “F” guruhlaridagi so‘nggi tur bahslari o‘rin olgan.
AQSH, Kanada va Meksika mezbonligida o‘tayotgan mundialda mazkur guruhlarda ishtirok etayotgan terma jamoalarning keyingi bosqichga chiqish taqdiri hal bo‘ladi.
Shuni ta’kidlash joizki, bugungi uchrashuvlar mamlakatimiz vaqti bilan 26-iyun kuniga to‘g‘ri keladi. “E” guruhida Ekvador — Germaniya hamda Kyurasao — Kot-d’Ivuar terma jamoalari o‘zaro munosabatlarga oydinlik kiritadi. Mazkur o‘yinlar tungi soat 01:00 da boshlanadi.
Ayni paytda Germaniya terma jamoasi ikki turdan keyin 6 ochko bilan guruh peshqadami bo‘lib turibdi. Kot-d’Ivuar hisobida 3 ochko mavjud. Ekvador va Kyurasao esa bittadan ochko jamg‘argan. Shu bois qolgan uch jamoa pley-off bosqichiga chiqish uchun hal qiluvchi bahslarda maydonga tushadi.

“F” guruhidagi so‘nggi tur uchrashuvlari tonggi soat 04:00 da start oladi. Bu guruhda Tunis — Niderlandiya va Yaponiya — Shvetsiya terma jamoalari o‘zaro kuch sinashadi. Ayni damda Niderlandiya va Yaponiya terma jamoalarida 4 ochkodan bor. Shvetsiya 3 ochko bilan keyingi bosqich uchun kurashni davom ettirayotgan bo‘lsa, Tunis hozircha ochko jamg‘ara olmagan.
“D” guruhida esa Paragvay — Avstraliya hamda Turkiya — AQSH terma jamoalari maydonga tushadi. Soat 07:00 da boshlanadigan bahslar ichida Paragvay va Avstraliya o‘rtasidagi to‘qnashuv alohida qiziqish uyg‘otmoqda. Sababi, har ikki jamoa hisobida 3 ochkodan mavjud bo‘lib, ular ikkinchi yo‘llanma uchun kurash olib bormoqda. AQSH terma jamoasi esa 6 ochko bilan guruhda yetakchilik qilmoqda. Turkiya hisobida hozircha ochko yo‘q.
Bugungi bahslardan so‘ng Jahon chempionatining yana bir nechta ishtirokchilari pley-off bosqichi yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA