Jahon chempionati: sovrindorlikka da’vogar shaxmatchi yoshlarimiz bugun Yevropa vakillari bilan kuch sinashadi
Italiyaning Montesilvano shahrida 14, 16 va 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar hamda qizlar o‘rtasida o‘tayotgan “FIDE World Youth Chess Championship 2026” musobaqalarining 9-tur o‘yinlari ortda qoldi.
Kecha mazkur jahon chempionatining 14 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasida o‘tgan 9-tur musobaqasida sovrinli o‘rinlardan biriga da’vogarlik qilayotgan hamyurtimiz Sarvinoz Bekmuratova oq donalarda AQSHlik Laura Qiuga qarshi bahs olib bordi.
Murakkab va o‘ta shiddatli kechgan o‘yinda hamyurtimizning qo‘pol xatosidan unumli foydalangan amerikalik shaxmatchi qiz g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Ushbu yosh toifasida dona surayotgan yana bir shaxmatchi qizimiz Lazizabonu Komiljonova mazkur turda qora donalarda xitoylik Miaoyun Xiani mag‘lub etdi.
Ushbu natijalardan keyin Sarvinoz Bekmuratova va Lazizabonu Komiljonova 6,5 ochko bilan 110 nafar ishtirokchi orasida qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 7-8-o‘rinlarni band etib turibdi. 14 yoshgacha bo‘lgan qizlar orasida 7,5 ochko jamg‘argan ozarbayjonlik Zaxra Allaxverdi yetakchilik qilmoqda.
84 mamlakatning 778 nafar yosh shaxmatchilari ishtirokida o‘tayotgan dunyo birinchiligining 16 yoshgacha bo‘lgan qizlar musobaqasida hamyurtimizdan Ruqiya Olimova 5,5 ochko bilan 107 nafar tengdoshlari orasida 30-qatorni, 18 yoshgacha bo‘lgan qizlar orasida Mumtozbegim Mansurova 5 ochko bilan 104 nafar qatnashchi orasida 39-pog‘onani, 16 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar o‘rtasida Sa’dullo Azizov 6 ochko bilan 150 nafar ishtirokchi orasida 24, Rauf Qosimov 5,5 ochko bilan 28, 18 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar o‘rtasida Akobirxon Saidaliyev 5,5 ochko bilan 131 nafar tengqurlari orasida 29-pog‘onada harakatlanmoqda.
Bugun, 25-iyun kuni jahon chempionatining 10-tur musobaqasida Sarvinoz Bekmuratova qora donalarda shveysariyalik Kristina Jordan bilan, Lazizabonu Komiljonova oq donalarda latviyalik Milana Gailevska bilan bahs olib boradi.
Eslatib o‘tamiz, ertaga, 26-iyun kuni “FIDE World Youth Chess Championship 2026”ning so‘nggi 11- tur musobaqalari bo‘lib o‘tadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA