Shaxmat: Nodirbek Abdusattorov bugun Chennayda Pranesh bilan kuch sinashadi
Hindistonning Chennay shahrida “Quantbox Chennai Grand Masters 2026” xalqaro turniri davom etmoqda.
Klassik yo‘nalishda o‘tayotgan mazkur nufuzli turnirda 8 nafar eng mahoratli shaxmatchilar dona surmoqda.
Turnirda amaldagi jahon chempioni Dommaraju Gukesh, hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov, hindistonlik Arjun Erigaisi, fransiyalik Alireza Firuzja, AQSH vakili Hans Niyemann, hindistonlik Nihal Sarin, rossiyalik Dmitriy Andreykin va yana bir hind shaxmatchisi Pranesh ishtirok etmoqda.

Jahon shaxmat ishqibozlari e’tibor markazida bo‘lgan turnirning ortda qolgan 2 ta tur o‘yinlaridan keyin Fransiya sharafini himoya qilayotgan Alireza Firuzja 2 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. Keyingi pog‘onalarni band etgan 5 nafar ishtirokchida 1 ochko, 2 nafarida esa 0,5 ochko mavjud.

Mahoratli shaxmatchimiz Nodirbek Abdusattorov ilk turda AQSHlik Hans Niyemann bilan murosa yo‘lini tanlagan bo‘lsa, kecha o‘tkazilgan 2-turda hindistonlik Arjun Erigaisi bilan ham 1 ochkoni bo‘lishib olishdi.
Bugun, 18-iyul kuni xalqaro musobaqaning 3-turida Nodirbek Abdusattorov qora donalarda hind shaxmatchisi Pranesh bilan kuch sinashadi.
Eslatib o‘tamiz, mukofot jamg‘armasi 79 ming 500 AQSH dollaridan iborat bo‘lgan “Quantbox Chennai Grand Masters 2026” bahslari 22-iyulga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA