Dunyo polvonlari Parijda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun bellashmoqda
Bugun, 18-iyul kuni Fransiya poytaxti Parij shahrida kurash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun xalqaro turnir boshlanadi.
Kecha mazkur nufuzli musobaqa oldidan Parij shahridagi “Mercurem” mehmonxonasida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda ishtirok etgan O‘zbekiston kurash federatsiyasi raisining sport ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Uyg‘un Umarov, Yevropa kurash konfederatsiyasi prezidenti Janob Merampi Iliadis, Fransiya kurash federatsiyasi vakillari an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan mazkur xalqaro turnir dunyoda kurashga bo‘lgan e’tibor va qiziqishning oshishiga turtki bo‘layotganini ta’kidladi.

Eyfel minorasi yonidagi “Centre sportif Emile Anthoine” majmuasida tashkil etiladigan musobaqada nafaqat Yevropaning, balki butun dunyoning eng kuchli polvonlari g‘oliblik uchun bellashishi, turnir doirasida madaniy tadbirlar o‘tkazilishi xalqaro hamkorlik aloqalari mustahkamlanishiga xizmat qilishini e’tirof etdi.

Anjumanda aytib o‘tilganidek, mukofot jamg‘armasi 30 ming yevrodan iborat xalqaro turnirda 30 ga yaqin davlatning 100 nafarga yaqin eng kuchli kurashchilari bellashadi.
Matbuot anjumanidan so‘ng sportchilar uchun vazn o‘lchash marosimi o‘tkazildi. Eslatib o‘tamiz, xalqaro turnirda erkaklar -90 va +90 kilogrammda, ayollar esa -70 hamda +70 kilo og‘irlikda bellashadi.
Musobaqalar 19-iyulga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA