30 yoshdan oshganlar “Besh tashabbus olimpiadasi”da
Jizzax vohasidagi mahallalarda istiqomat qiluvchi 30 yoshdan yuqori fuqarolar o‘rtasida tashkil etilgan “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi sport musobaqalarining viloyat bosqichi yuqori saviyada o‘tkazilib, o‘z nihoyasiga yetdi.
Ikki kun davom etgan musobaqada shahar va tuman bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan havaskor sportchilar o‘zaro bellashdi. Sportsevarlar shaxmat, shashka, mini futbol, voleybol, stritbol, vorkout hamda stol tennisi bo‘yicha mahorat va imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazishdi.


Viloyatning barcha shahar va tumanlaridan jam bo‘lgan ishtirokchilarning qizg‘in bahslari musobaqalarning raqobatli va murosasiz ruhda kechishini ta’minladi. Bellashuvlar aholi o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish hamda mahallalarda sport harakatini yanada rivojlantirishga xizmat qildi.

Musobaqalar yakuniga bag‘ishlangan tantanali taqdirlash marosimida Jizzax viloyati sport boshqarmasi boshlig‘i Nozimjon Usmonov hamda O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi Jizzax viloyati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Musa Anorboyev ishtirok etdi. Ular musobaqa davomida yuqori natijalarga erishgan ishtirokchilarni qutlab, bunday sport tadbirlari aholi, ayniqsa, mahallalardagi fuqarolarning jismoniy faolligini oshirish, sog‘lom hayot tarzini qaror toptirish va ommaviy sportni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Shundan so‘ng har bir sport turi bo‘yicha g‘olib va sovrindorlarga musobaqa tashkilotchilari tomonidan diplomlar, qimmatbaho sovg‘alar hamda musobaqa kuboklari tantanali ravishda topshirildi.

A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari