Sharofiddin Nazarov: “Tashabbusli byudjet” loyihalarini tanlash mezonlarini ishlab chiqish zarur
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida dastlab deputatlarning saylov okruglaridagi faoliyati yakunlari hamda "Tashabbusli byudjet" doirasida yaratilgan yangi imkoniyatlar tahlil qilindi.
Ma’lumki, yangi tartibga ko‘ra, 2026-yildan boshlab har bir deputat o‘z saylov okrugida aholi uchun dolzarb bo‘lgan, ammo avval g‘olib bo‘lmagan ikkita loyihani tanlab, “Ochiq byudjet” axborot portali orqali ularni moliyalashtirish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Bu amaliyot joylardagi ijtimoiy muammolarni manzilli hal etish, aholi ishonchini mustahkamlashga xizmat qilayotgani alohida qayd etildi.
Fraksiya yetakchisi Ulug‘bek Inoyatovning ta’kidlashicha, Prezidentning "Tashabbusli byudjet" jarayonlarini takomillashtirishga qaratilgan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining o‘z elektorati bilan hamkorligini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori alohida ahamiyat kasb etmoqda. Bu parlament faoliyatida yangi va samarali bosqichni boshlab berdi.

— Saylov okruglaridagi muammolarni hal etishda "Tashabbusli byudjet" jarayonlari muhim mexanizm bo‘lib xizmat qilmoqda, — dedi yig‘ilishda so‘z olgan fraksiya a’zosi Firdavs Sharipov. — Masalan, biz ko‘rib chiqqan 24 ta loyihaning asosiy qismi ta’lim, sog‘liqni saqlash va infratuzilmani yaxshilashga qaratilgan. Ayniqsa, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari, sog‘liqni saqlash, yo‘l va irrigatsiya sohalari aholi uchun eng dolzarb yo‘nalishlar bo‘lib qolmoqda. Yangi tartib esa yetarli ovoz to‘play olmagan, ammo ahamiyatli loyihalarni amalga oshirish imkonini bermoqda. Bu jarayon nafaqat muammolarni hal etish, balki deputat va saylovchi o‘rtasidagi muloqotni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Fraksiya a’zosi Qizilgul Qosimova ushbu tashabbus muammolarni yechishda deputatlar uchun kalit bo‘lganini qayd etdi:
— "Tashabbusli byudjet" doirasida deputatlar ishtiroki uchun yaratilgan yangi tartib joylardagi muammoni o‘rganish va tahlil qilish bilan chegaralanmasdan ularni hal etish imkonini beradi. Bu biz uchun kalit bo‘ldi. Quvonarlisi, hududlarda g‘olib bo‘lmagan loyihalarni o‘rganishimiz davomida aholi vakillari juda faollik ko‘rsatishdi. Aholi orqali biz bilmagan muammolarning ichiga kirib bordik. Loyihalarni tanlashda mahalla raislari va faollari bilan maslahatlashgan holda eng zaruri, ijtimoiy jihatdan eng muhimini tanlashga e’tibor qaratdik. Bu amaliy ishlardan aholi bilan birga biz deputatlarning ham kayfiyatimiz ko‘tarildi.

Yig‘ilishda mazkur mexanizmni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ham ilgari surildi. Xususan, fraksiya a’zosi Sharofiddin Nazarov loyihalarni tanlash mezonlarini ishlab chiqish, amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirish hamda mahalliy Kengashlar faolligi va mas’uliyatini oshirish zarurligini ta’kidladi.
Shundan so‘ng yig‘ilishda “Reklama to‘g‘risida”gi qonunga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilindi. Yakunda ko‘rib chiqilgan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA