Islomiy bankchilik O‘zbekiston moliya tizimiga nimalarni olib kiradi?
Hozirda mamlakatimizda moliya bozorini xalqaro standartlarga moslashtirish va aholi hamda biznes egalari uchun muqobil moliyaviy xizmatlarni kengaytirishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Ana shu jarayonda islomiy moliya tizimini joriy etish masalasi muhim ahamiyat kasb etdi.
2026-yil 27-martda qabul qilingan O‘RQ–1126-sonli qonun aynan shu ehtiyojdan kelib chiqqan holda ishlab chiqildi. Mazkur hujjat nafaqat yangi moliyaviy tizimlarni joriy etadi, balki foizsiz moliyalashtirish tamoyillariga asoslangan mutlaqo yangi yondashuvni milliy qonunchilikka olib kirdi.
Bu islohotning dolzarbligini bir nechta omillar bilan izohlash mumkin. Aholining ma’lum qismi an’anaviy foizli bank xizmatlaridan foydalanishni istamaydi. Global miqyosda islomiy moliya bozori jadal o‘sib borayotgan bo‘lib, undagi investitsiya hajmi trillionlab dollarga yetgan. Shu nuqtai nazardan, yangi Qonun O‘zbekiston moliya tizimini o‘zgartirishga qaratilgan muhim huquqiy qadam sifatida baholash mumkin.
Qonunga muvofiq, islomiya moliya operatsiyalari qator yangi moliyalashtirish shakllarini o‘z ichiga oladi. Bular foydani taqsimlash, sherikchilik, nasiya savdo, oldindan to‘lov, ijara va vakillik asosidagi bitimlardam iborat.
Litsenziyalash tizimining joriy etilishi va uning qat’iy talablari bozor ishtirokchilari uchun teng va shaffof sharoit yaratadi. Shu bilan birga, Markaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashining tashkil etilishi tizimning shariat talablariga muvofiqligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Soliq siyosatidagi yengilliklar esa bozor ishtirokchilarini rag‘batlantirishga qaratilgan. Qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlar, ayrim hollarda soliqdan ozod qilish kabi choralar islomiy moliya xizmatlarini iqtisodiy jihatdan raqobatbardosh qiladi.
Umuman olganda, qonun O‘zbekiston iqtisodiyotida sifat jihatidan yangi bosqichni boshlab beruvchi muhim huquqiy hujjat hisoblanadi. Bu orqali mamlakat moliya tizimida muqobil va innovatsion yo‘nalish hisoblangan islomiy bankchilik instituti shakllanmoqda.
Kelgusida mazkur tizimning to‘liq ishga tushishi bir qator ijobiy natijalarni ta’minlashi kutilmoqda: moliyaviy xizmatlar qamrovining kengayishi, xorijiy investitsiyalar oqimining ortishi, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashning kuchayishi hamda moliya bozorida raqobat muhitining yanada rivojlanishi.
Shu bilan birga, islomiy moliyani samarali joriy etish uchun amaliy mexanizmlarni takomillashtirish, kadrlar salohiyatini oshirish va aholi o‘rtasida moliyaviy savodxonlikni kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Dildora DO‘SMATOVA,
O‘zA