O‘zbekistonda iqtisodiy faollik ortib bormoqda
O‘zbekistonda 2026-yilning dastlabki ikki oyi yakuniga ko‘ra ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishda ijobiy tendensiyalar saqlanib qolmoqda.
Milliy statistika qo‘mitasi tomonidan taqdim etilgan dastlabki ma’lumotlar iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarida barqaror o‘sish kuzatilayotganini ko‘rsatmoqda.
2026-yil yanvar–fevral oylari yakunlariga ko‘ra (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan), sanoat ishlab chiqarish hajmi 7,7 foizga o‘sdi. Iste’mol narxlari indeksi o‘tgan yilning dekabr oyiga nisbatan 101,3 foizni tashkil etdi.
Qurilish ishlari hajmi 10,6 foizga oshgan bo‘lsa, chakana savdo tovar aylanmasi 17,4 foizga ko‘paygan. Shuningdek, bozor xizmatlari hajmi 15,4 foizga o‘sgani qayd etilmoqda. Tashqi savdo aylanmasi hajmi esa 7,1 foizga oshgan.
2026-yil 1-mart holatiga respublikada 486 ming 448 ta korxona va tashkilotlar faoliyat ko‘rsatmoqda. Faoliyat yuritayotgan kichik tadbirkorlik sub’ektlari soni esa 415 ming 66 tani tashkil etgan.
Ushbu ko‘rsatkichlar iqtisodiyotda faollik ortib borayotgani hamda tadbirkorlik muhiti izchil rivojlanayotganidan dalolat beradi.
Hamroz Bayonov,
O‘zA