Serqirra olim, bedor satrlar sohibidan yangi kitob
Odam qachon esini taniydi? O‘zligini taniganida, yon-atrofga teran nazar solib, borliq haqida mustaqil mushohada yurita olganida. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida taniqli olim, siyosiy fanlar doktori, professor Qodir Jo‘rayevning “Esimni tanigan kun” nomli to‘plami taqdimotida ishtirok etgan kitobxon xayolidan ayni fikrlar o‘tishi tabiiy.
Mazkur kitob “Yangi sahifa” nashriyotida bosmadan chiqqan bo‘lib, uning taqdimotiga yozuvchi va shoirlar, olimlar, ustoz va murabbiylar, adabiyot muxlislari, talaba-yoshlar taklif etildi.
Atoqli olim, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining birinchi rektori, hozirda mazkur oliygoh rektori maslahatchisi Saidmuxtor Saidqosimov, taniqli filolog, notiq Rahimboy Jumaniyozov, siyosatshunos olim Narzulla Jo‘rayev, huqushunos olim va jurnalist Boboqul Toshev, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktorining o‘rinbosari Nasiba Xoldorova, Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmati rahbari, shoir va jurnalist Fozil Farhod va boshqalar Qodir Jo‘rayevning ijodiy, ilmiy-ma’rifiy, jamoatchilik faoliyati, yangi kitobining ahamiyati haqida batafsil so‘zladi.
[gallery-28775]
– Bugungi tadbir shunchaki taqdimot emas, balki tajriba va tafakkur, ustoz va shogird o‘rtasidagi o‘ziga xos ma’naviy ko‘prik, kitobxonlik muloqotidir, – dedi Saidmuxtor Saidqosimov. – Bunday taqdimotlar ilmiy va ma’naviy merosning davomiyligini ta’minlaydi. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti endigina tashkil etilganida, Qodirjon uning ilk talabalaridan biri edi. O‘sha davrdanoq uning ilmga chanqoqligi, intilishi, o‘ziga bo‘lgan ishonchi kuchli edi. U ko‘plab xorijiy tillarni mukammal biladi. Mazkur yangi kitob taqdimoti Qodirjonning nafaqat ilmiy sohada, balki badiiy jabhada ham qalami charxlanib borayotganini namoyish etadi. Ilmda, ijodda tanaffus, to‘xtash, degan narsaning o‘zi yo‘q! Qodirjonning doimo izlanish, intilish talab etadigan og‘ir, lekin sharafli yo‘lni tanlagani e’tiborga molik.
– Yangi yaxshi kitobning yaralishi millat tarixida yangi sahifa ochishdek jarayon bilan barobar, – dedi siyosatshunos olim, ustoz jurnalist Narzulla Jo‘rayev. – Qodirjon Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universitetidek mahobatli maktabni ko‘rgan, mamlakatimiz siyosatshunosligida o‘zi ham maktab yaratgan serqirra olimdir. U yangi darsliklar, qo‘llanmalar yaratdi. Taqdimoti o‘tkazilayotgan ushbu kitob Qodirjonning yangi qirralarini kashf etdi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Ushbu kitobda qalb, ruh, tuyg‘u ustuvorligini ko‘rish mumkin. Hayotning har bir detalidan mazmun qidirish Qodirjonning falsafiy qarashlaridan darak beradi. U hozir fanda, ijodda yangi-yangi muammolarga yechim topadigan yoshda. Qodirjondan kitobxonni hayratga soladigan yana yangi kitoblar kutib qolamiz.
Mazkur kitobdan muallifning qirqqa yaqin hikoyalari, tarjimalari, badiiy-publitsistik ocherk va maqolalari o‘rin olgan.
“Esimni tanigan kun”, “Onamning qarg‘ishi”, “Bobomning so‘nggi nasihati”, “Eng qudratli tuyg‘u”, “Ko‘r-soqovlar ishi” hikoyalarida muallif hayotda o‘zi duch kelgan yoki ta’sirlangan og‘riqli nuqtalar va hayajonli voqealar haqida kuyunchaklik bilan yozadi.
Olimning vijdon qo‘ng‘irog‘i jarangdor bong urib, mudroq jamiyatni uyg‘oqlikka chorlaydi, har qanday adolatsizliklarga qarshi qat’iy kurashish zarurligini uqtiradi. Uning nazdida, ustozlik sharafi faqat yoshlarga bilim va ko‘nikmalar berishgina emas, balki bolalar qalbini bog‘bon kabi tarbiyalab, insoniylik mas’uliyatini kamol topshirishda ekanini ta’kidlaydi.
Chunonchi, “Fransuz do‘stimdan olgan saboq” hikoyasida muallif talabalik paytida Parijga tashrifi chog‘ida fransuz elining ona-tabiatga muhabbati va yuksak ekologik madaniyatini ko‘rib hayratlanganini va bir umr yodida saqlashini qayd etadi.
“O‘ttiz yillik azob-uqubat” hikoyasida esa qattol sho‘rolar tuzumining adolatsiz tartiblari sababli Usmon ismli yigit boshiga tushgan ayanchli qismatni titroq ila qalamga oladi. 1925-yilda Germaniyada tahsil olishga yuborilgan o‘smir yigit, olmon diyorida ta’lim olayotgan barcha taraqqiyparvar yoshlarimiz qatori shoshilinch tarzda ortga qaytariladi. Shundan keyin uning hayoti og‘ir sinovlar octida kechadi.
“1940-yil Moskvada menga 8 yillik mehnat tuzatish lageriga yo‘llash jazosini belgilashdi. Jazoni Magadan viloyatidagi Dalstroy lagerida o‘tab, 1946-yil lagerdan bo‘shatildim. Ammo, to‘liq ozod bo‘lmadim. Vatanimga qaytishimga ruxsat berishmadi. 1957-yilda Buxoroga qaytdim. Biroq o‘tgan yillar davomida tahqir, nohaqlik va azoblar ortida ma’nan o‘ldirilgan insonga aylandim”, deb yozadi Moskvaga yozgan murojaatnomasida Usmon.
O‘ttiz yillik azob-uqubatdan so‘ng u faqat 1958-yilga kelibgina oqlanadi va shu tariqa 35 yillik umri ko‘kka sovriladi. Muallif adolat sindirilgan, insonga adoqsiz pushaymonlik va afsuslar keltiradigan, odamlar taqdirini chang-g‘uborga to‘ldiradigan, fojiaga aylantiradigan tuzumning bunchalar salbiy rolini insoniyatga qaratilgan chinakam jinoyat deb baholaydi.
Bundan tashqari, “Mening onam – bo‘ri”, “Vidolashgani kelgan fillar”, “Talabsho bobo va ayiqqiz Mariya”, “Bir asrlik og‘riq”, “Qaldirg‘och haqida esse” kabi hikoya va publitsistik ocherklarda agar olamda haqiqiy mehr-muhabbat va sabr-toqat bo‘lsa, inson bilan hayvonot va nabotot dunyosi o‘rtasida ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatish mumkinligi targ‘ib qilinadi. Bunday ezgu g‘oyalar Juma Jumayev, Entoni Lourens, Talabsho bobo singari qahramonlar timsolida qiziqarli ochib beriladi.
Qodir Jo‘rayev atoqli fransuz adibi Gi de Mopassanning “Marjon”, rus yozuvchisi Irina Samarinaning “Farishtalar mudom yoningda”, amerikalik adib Elizabet Ballardning “Teddi yozgan maktublar” hikoyalarini fransuz, ingliz, rus tillaridan mahorat bilan tarjima qilgan.
Uning Fransiya davlatchiligi borasida yoqlagan doktorlik ilmiy ishi, xalqaro munosabatlar sohasida rus va ingliz tillaridan talabalarga 30 yildan buyon saboq berib kelishi, bir necha xorijiy tillarni bilishi professional mahoratini yanada charxlagan. Albatta, bu salohiyat uning kelgusida jahon adabiyotning ko‘plab qissa va romanlarini ham o‘zbek tiliga tarjima qilish imkoniyati yetarli ekanidan dalolat beradi.
“Ibn Battutaning Vobkent va Buxoro haqidagi bitiklari”, “Muqaddas bitikni o‘g‘irlagan noshudlar” tarixiy-publitsistik ocherklarida o‘zi kamol topgan tuman va viloyatdagi ko‘hna qadamjolar tarixini puxta tahlil qilishga urinadi.
Hayotning har bir ibratli lahzasidan hayratlanish fazilati haqiqiy ziyolilarga xos bo‘lgan tuyg‘u – mavjud muammolarga nisbatan murosasizlik tamoyili bilan o‘zaro uyg‘unlashib ketadi. To‘plamning butun mazmun-mohiyati yagona chiziqda – Vatan taqdiri uchun befarq bo‘lmaslik, har kuni oriyat va g‘urur janggiga otlanish da’vatida yaqqol namoyon bo‘ladi.
Yozilish tili ravonligi, mantiqiy izchilligi, mavzular rang-barangligi va hayotiy syujetlarga boyligi sababli kitob bir nafasda o‘qiladi. Muallifning uyg‘oq satrlari orqali jamiyatda sokin yurgan, lekin qat’iy ijtimoiy pozitsiyasiga ega bo‘lgan, doimiy kurashuvchan inson obrazi paydo bo‘ladi. Kitob keng omma uchun mo‘ljallangan.
Aytish kerakki, Qodir Jo‘rayev 1972-yili Buxoro viloyatida tug‘ilgan. 1995-yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU)ni Xalqaro munosabatlar ixtisosligi bo‘yicha bitirgan. Mehnat faoliyatini 1995-yilda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi YUNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiya bosh eksperti lavozimida boshlagan. 2001-yildan to hozirga qadar JIDUda katta o‘qituvchi, dotsent, fakultet dekani, kafedra professori lavozimlarida faoliyat yuritib kelmoqda. 2009, 2014 va 2019-yillarda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga saylangan. 300dan ortiq ilmiy va o‘quv nashrlar, monografiyalar, darslik va o‘quv qo‘llanmalar, ilmiy va publitsistik maqolalar muallifi.
– Bu kitob bir-ikki yilda emas, yillar davomidagi hayotiy tahlillarim, kuzatish va qarashlarim natijasida yuzaga keldi, – dedi kitob muallifi Qodir Jo‘rayev. – O‘zimga ta’sir qilgan voqeliklar, sarguzashtlarni qalamga oldim. Badiiy tarjimalardan namunalar keltirdim.
Tadbirda yangi kitob, asar muallifining ilmiy-ma’rifiy faoliyati haqida atroflicha so‘z yuritildi.
Nazokat Usmonova,
Oybek Pardayev (suratlar),
O‘zA muxbirlari