Muvaffaqiyatga eltuvchi muhim qadamlar: Lider ayollar nima deydi?
Jamiyat taraqqiyotida ayol-qizlarning o‘rni katta. Xususan, ilm-fan, texnologiya, boshqaruv va ijtimoiy sohalarda ularning faol ishtiroki nafaqat shaxsiy muvaffaqiyat, balki butun mamlakat rivojiga xizmat qilmoqda.
Yoshlar ishlari agentligida tashkil etilgan tadbir ham ana shunday muhim maqsadga xizmat qiladi.
Tadbir doirasida namoyish etilgan “Olima yo‘li” hamda “Ikki yo‘l, ikki taqdir” nomli filmlar ayol-qizlarning hayotdagi tanlovlari, qat’iyati va muvaffaqiyat sari bosib o‘tgan yo‘llarini yoritadi.
Bu asarlar tomoshabinni nafaqat o‘ylashga undaydi, balki ichki kuchini anglash, o‘z oldiga aniq maqsad qo‘yishga chorlaydi.
[gallery-28794]
Tadbirning yana bir muhim jihati, premeradan so‘ng tashkil etilgan jonli muloqotdir. Unda ilm-fan va xalqaro tashkilotlarda katta tajribaga ega bo‘lgan yetuk ayol liderlar ishtirok etdi.
Xususan, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti professori Dildora Muhammadiyeva, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Shahlo Turdiqulova hamda Osiyo taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Kanokpan Lao-Araya o‘z bilim va tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
Ularning hayot yo‘li va muvaffaqiyat hikoyalari yoshlar uchun kuchli motivatsiya manbai bo‘lib xizmat qiladi.
Bunday ochiq muloqotlar nazariy bilimdan tashqari real tajribaga asoslangan maslahatlar ham beradi. Yoshlar o‘zlarini qiynayotgan savollarga javob topadi, ikkilanayotgan qarorlariga aniqlik kiritadi va eng muhimi, o‘ziga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi.
Shuningdek, tadbir ayol-qizlarning ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi ishtirokini kengaytirishga ham xizmat qiladi.
Bugungi global raqobat sharoitida bilim va malaka asosiy ustunlik omiliga aylangan. Shu bois, bunday tashabbuslar orqali yosh avlodni ilm olish, yangi g‘oyalar yaratish va o‘z salohiyatini namoyon etishga undash nihoyatda muhim. Mazkur tadbir oddiy kino namoyishi yoki uchrashuv emas, balki o‘z hayot yo‘lini izlayotgan ayol-qizlar uchun muhim ilhom manbai va amaliy yo‘riqnoma vazifasini bajaradi. Dildora DO‘SMATOVA,
Asliddin Alijonov (surat), O‘zA