Senatning o‘n to‘rtinchi yalpi majlisi davom etmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirmoqda.
Unda Senat va Hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etmoqda.
Kuni kecha boshlangan yalpi majlis birinchi ish kunida “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida”, “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”, “Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida”, “Sud-ekspertlik faoliyati to‘g‘risida”, “Davlat organining yoki uning mansabdor shaxsining qonunga xilof qarori, harakati yoxud harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risida”, “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”, “Qo‘riqlash faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlar ma’qullandi.

Bugun majlisda to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish, fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan qonunlar muhokama qilinadi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Hukumati o‘rtasida ushlab berish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish masalasi ko‘rib chiqiladi.

Yalpi majlis doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning 2025-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi ma’ruzasi eshitiladi.
Shuningdek, Ombudsmanni saylash hamda O‘zbekiston Respublikasining Birlashgan Arab Amirliklaridagi Favqulodda va muxtor elchisini tayinlash va boshqa masalalari kun tartibidan o‘rin olgan.
Majlisda ko‘rib chiqiladigan barcha masalalar haqida batafsil yoritib boramiz. Bizni kuzatib boring!
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat),
O‘zA