O‘zbekiston-Koreya: moliyaviy boshqaruv tizimlari bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi va Koreya Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining byudjet va buxgalteriya hisobini takomillashtirish hamda innovatsiyalarni joriy etish bo‘yicha byurosi mas’ullari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.
Muloqot davomida tomonlar davlat moliyasini boshqarish tizimini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish, byudjet jarayonlarini raqamlashtirish va avtomatlashtirish natijasida samaradorlikni oshirish masalalari yuzasidan fikr almashdi. Shu bilan birga, inson omilini kamaytirish, qaror qabul qilish jarayonlarini tezlashtirish va tizim shaffofligini ta’minlash kabi ustuvor vazifalar muhokama markazida bo‘ldi.

Qayd etilganidek, davlat moliyasida ochiqlik va hisobdorlikni kuchaytirish, jamoatchilik va institutsional nazoratni samarali yo‘lga qo‘yish, moliyaviy ma’lumotlarning ishonchliligi va ochiqligini ta’minlash bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.
Uchrashuv doirasida G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi va Koreya fiskal axborot xizmati o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat davlat moliyasini boshqarishga oid axborot tizimlarini rivojlantirish, tajriba almashish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, mazkur kelishuv axborot tizimlarini integratsiya qilish, mutaxassislar malakasini oshirish, innovatsion yechimlarni joriy etish va ilg‘or tajribalarni amaliyotga tatbiq etishni ham nazarda tutadi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA