Senatning o‘n to‘rtinchi yalpi majlisi boshlandi
Bugun, 2026-yil 7-aprel kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.
Unda Senat va Hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etmoqda.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva boshqarayotgan majlis kun tartibiga mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, sud-huquq tizimini takomillashtirish, fuqarolar huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishga qaratilgan qator muhim masalalar kiritilgan.

Jumladan, “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida”, “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”, “Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida” hamda “Sud-ekspertlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlar ko‘rib chiqiladi.
Davlat organlari va mansabdor shaxslarning qonunga xilof qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi natijasida yetkazilgan zararni qoplash mexanizmlarini mustahkamlashga qaratilgan hamda qo‘riqlash faoliyatini takomillashtirish, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari faoliyatini rivojlantirishga oid qonunlar muhokama qilinadi.

Yalpi majlis kun tartibidan fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatlarini kuchaytirish, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonunlar ham o‘rin olgan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Hukumati o‘rtasida ushlab berish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish masalasi ko‘rib chiqiladi.
Yalpi majlis doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning 2025-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi ma’ruzasi eshitiladi.
Shuningdek, Ombudsmanni saylash hamda O‘zbekiston Respublikasining Birlashgan Arab Amirliklaridagi Favqulodda va muxtor elchisini tayinlash masalalari ham muhokama etiladi.
Majlisda ko‘rib chiqiladigan barcha masalalar haqida batafsil yoritib boramiz. Bizni kuzatib boring!
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat),
O‘zA